audio

    8-dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun munosabati bilan davra suhbati tashkil etildi

    Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi bilan hamkorlikda 8-dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, shuningdek, 10 – dekabr – Davlat madhiyasi qabul qilinganligining 31 yilligi munosabati bilan Vazirlik markaziy apparati, “O‘zbekkosmos” agentligi hamda “UZINFOCOM” yagona integrator MChJ rahbar xodimlari ishtirokida davra suhbati o‘tkazildi.

    Davra suhbatida so‘zga chiqqan Raqamli texnologiyalar vaziri o‘rinbosari J. Maxsudov tadbir ishtirokchilarini Vatanimiz hamda uning fuqarolari hayotida muhim ahamiyat kasb etuvchi ikki sana munosabati bilan samimiy tabriklab, O‘zbekiston Respublikasining yangilangan Konstitutsiyasi mazmun-mohiyatiga to‘xtalib o‘tdi.

    Xususan, Bosh qomusimizning 33-moddasida davlat Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanishni ta’minlash uchun shart-sharoitlar yaratishi alohida belgilab qo‘yilganligi Vazirlik oldiga yanada ulkan mas’uliyat yuklashini ta’kidlab, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasini rivojlanitirish, O‘zbekistonni IT-xabga aylantirish, yurtimiz hayotining turli sohalarini raqamlashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berdi. 

    Tadbirda o‘zlarining qiziqarli ma’ruzalari bilan ishtirok etgan Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi E. Zaxidov, O‘zLiDeP Toshkent shahar Kengashi raisi R. Fozilov, O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi Siyosiy ta’lim markazi rahbari N. Alimovlar quyidagi mavzularga alohida e’tibor qaratishdi:

    – yangilangan Konstitutsiyamiz mazmun-mohiyati va “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining asosiy ustuvor yo‘nalishlari doirasida belgilangan tub islohotlar;

    – so‘nggi yillarda iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy-ma’naviy hayotning turli sohalarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va bu borada erishilayotgan natijalarni mustahkamlashda yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning o‘rni va roli;

    – “Konstitutsiya – xalqchil davlat, barqaror taraqqiyot va farovon hayot asosi!” degan hayotiy shiorning mohiyati va ahamiyati, yangi tahrirdagi Konstitutsiya asosida inson huquq va erkinliklari sohasida mutlaqo yangi bosqichga o‘tilganligi;

    – mulkiy huquqlarning ishonchli himoyasini ta’minlash, ushbu huquqlarni cheklayotgan omillarni bartaraf etish, sog‘liqni saqlash, ilm-fan, madaniyat, san’at va sport sohalarini rivojlantirish, nuroniylar, xotin-qizlar va yoshlarga doimiy e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, oila, onalik, bolalik va otalikni himoya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar.

    Tadbirda, shuningdek, 8-dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 31 yilligi munosabati bilan 28-noyabr kuni Raqamli texnologiyalar vazirligi markaziy apparati rahbar-xodimlari ishtirokida o‘tkazilgan “Mening Konstitutsiyam va davlat tilim” mavzusidagi diktant g‘oliblarini taqdirlash marosimi ham o‘tkazildi. Tanlov yakunlariga ko‘ra, Vazirlikning jami 5 nafar xodimi I, II, III darajali diplomlar hamda o‘zbek va jahon adabiyoti namunalari to‘plamlari bilan taqdirlandi.

    Davra suhbati ishtirokchilari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va Davlat Madhiyasi to‘g‘risida o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar olishdi.

    Konstitutsiya hamda Davlat madhiyasi qabul qilingan kun munosabati bilan Vazirlik tizimidagi korxona va tashkilotlarda ham turli ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar o‘tkazilmoqda. 

     


    • view_icon 393