Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Janubiy Koreyaning “Hancom Group” kompaniyasi raisi o‘rinbosari Sonjun Byon boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda vazir Koreya va O‘zbekiston o‘rtasida avvaldan yuqori hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani, jumladan, IT sohasini rivojlantirish, ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni yanada yaxshilash maqsadida Inha universiteti tashkil etilib, har yili ko‘plab mutaxassislar yetishib chiqayotgani buning yaqqol namunasi ekanini ta’kidladi.
Shuningdek, kompaniya vakili kompaniya haqida ma’lumot berar ekan, dasturiy mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha Koreyada yetakchi o‘rinda turishini, bundan tashqari, 30 dan ortiq boshqa yo‘nalishlarda ham faoliyat olib borishini ma’lum qildi.
O‘z navbatida, kompaniya vakili O‘zbekistonda IT ta’limni rivojlantirish maqsadida “Smart class” zamonaviy xonalar tashkil etish va unda dasturlash va sun’iy intellekt yo‘nalishlarida ta’lim olib borish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdi.
Shu bilan birga, vazir O‘zbekistonni mintaqaviy IT xabga aylantirish asosiy maqsad ekanini ta’kidlab, yuqorida berilgan taklifni unga hamohang tarzda amalga oshirish, o‘zbek yoshlarini chetga chiqmagan holda yuqori maoshli ish bilan ta’minlab, IT xizmatlar eksportini oshirishga katta e’tibor qaratilayotganini ta’kidlab o‘tdi.
Bundan tashqari, vazir kompaniyani IT Park rezidenti bo‘lishga taklif etib, undagi soliq imtiyozlari haqida ham gapirib o‘tdi hamda kompaniya bilan yaqinlikda ishlash ikki tomon uchun ham foydali bo‘lishini ma’lum qildi.