Sun’iy intellektni qo‘llash orqali yuzaga keladigan munosabatlarni huquqiy tartibga solishning dolzarb masalalari muhokama qilindi
2025-04-18 19:35:00 / Vazirlik yangiliklari

Joriy yilning 18-aprel kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi tomonidan “Sun’iy intellektni qo‘llash orqali yuzaga keladigan munosabatlarni huquqiy tartibga solishning dolzarb masalalari” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Unda Qonunchilik palatasi deputatlari, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi va OAV vakillari ishtirok etdi.
15-aprel kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari tomonidan tashabbus huquqi asosida kiritilgan sun’iy intellektni qo‘llash orqali yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ko‘rib chiqilgan edi.
Ta’kidlanganidek, dunyoda axborot texnologiyalarining yangi shakllari tobora rivojlanib bormoqda. Xususan, sun’iy intellekt texnologiyalari nafaqat ijtimoiy hayotning barcha jabhalariga kirib bormoqda, balki soha va tarmoqlarning samarali faoliyati uchun ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Shu munosabat bilan so‘nggi yillarda mamlakatimizda ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarida sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, undan foydalanish bilan bog‘liq munosabatlarning huquqiy, texnologik va iqtisodiy asoslarini belgilash borasida tizimli choralar ko‘rilmoqda.
Shu bilan birga, ilg‘or xorijiy tajribalarni inobatga olgan holda milliy qonunchiligimizga sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llash orqali yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga solish, bunda fuqarolarimizning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan qo‘shimcha normalarni kiritish zarurati mavjudligi qayd etildi.
Shu boisdan, dastlabki qadam sifatida qonunchilikka sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanishning umumiy asoslariga oid qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Xususan, “Sun’iy intellekt” tushunchasiga ta’rif berilishi bilan birga, sohada davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari hamda maxsus vakolatli organning vazifalari, axborot resurslarini yaratishda hamda axborot tizimlari ishida sun’iy intellektdan foydalanishning umumiy qoidalari belgilanmoqda.
Sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda yaratilgan axborot resurslariga “markirovka” qo‘yish talabi nazarda tutilmoqda. Shuningdek, sun’iy intellektdan foydalanib yaratilgan axborot resurslari va sun’iy intellekt texnologiyalari asosida ishlaydigan axborot tizimlari inson, uning hayoti, sog‘lig‘i, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa ajralmas huquqlarini buzmasligiga oid talabni kiritish ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, insonning huquq va erkinligiga aloqador qarorlarni qabul qilishda faqatgina sun’iy intellektdan foydalanib yaratilgan axborot resurslari va sun’iy intellekt texnologiyalari asosida ishlaydigan axborot tizimlari xulosasiga tayanilmasligi ham o‘z aksini topmoqda.
Ishlab chiqilgan Qonun loyihasida sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda shaxsga doir ma’lumotlarga qonunga xilof ravishda ishlov berish va uni OAV hamda Internetda tarqatganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda.
So‘zga chiqqan Oliy Majlis qonunchilik palatasi deputati va Raqamlashtirish vazirligining Sun’iy intellektni yo‘nalishidagi mutaxassisilar Sun’iy intellektni qo‘llash orqali yuzaga keladigan munosabatlarni huquqiy tartibga solishning dolzarb masalalari ekanligiga urg‘u berib, mamlakatimizda Sun’iy intellektni qo‘llash orqali barcha sohalarni rivojlantirish, yuqori texnologiyalar imkoniyatidan samarali foydalanish lozimligini aytib o‘tdilar.
Tadbir davomida Sun’iy intellektni qo‘llash orqali yuzaga keladigan munosabatlarni huquqiy tartibga solish, texnologiya imkoniyatlaridan yanada samarali foydalanish, bu borada qonunchilikdagi bo‘shliqlarni to‘ldirish, xorijiy tajribani o‘rganish bilan bog‘liq masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Shuningdek, OAV vakillari tomonidan berilgan savollarga javoblar taqdim etildi hamda ishtirokchilar tomonidan bildirilgan takliflar asosida tegishli tavsiyalar ishlab chiqilishi belgilandi.





