O‘zbekiston Prezidentining 2023-yil 28-fevraldagi PF-27-son Farmoniga asosan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali ko‘rsatiladigan elektron xizmatlar sonini 570 taga yetkazish belgilangan edi.
Shuningdek, O‘zbekiston Prezidentining 2023-yil 24-maydagi PQ-162-son qarori bilan 2023-yilda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida raqamli xizmat va servislarni joriy etish Reja-jadvali tasdiqlangan.
Yuqoridagi topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida 2023-yil yakuni bo‘yicha Yagona portalda 200 ta yangi elektron davlat xizmatlari va servislar joriy etilib, jami xizmatlar soni 570 taga yetkazildi (o‘tgan yilning shu davriga nisbatan o‘sish – 154 foiz).
2023-yilda fuqarolarimiz orasida eng ommabop xizmatlar:
– Yashash joyi to‘g‘risida ma’lumotnoma olish – 2,2 mln; .
– Hisoblangan ish haqi to‘g‘risida ma’lumotnoma olish – 1,6 mln;
– Soliqlar va yig‘imlardan soliq qarzi mavjud emasligi to‘g‘risida ma’lumotnoma – 1,45 mln;
– Bolani bog‘chaga joylashtirish xizmatidan – 837 ming marotaba foydalanishgan.
Shuningdek, 2023-yil davomida Yagona portalda haydovchilik guvohnomasini yangilash (55 mingta haydovchilik guvohnomalari fuqarolarga yetkazilgan); sportchi pasportini berish (66 mingdan ziyod sport pasportlari berilgan); talabalar turar joyiga joylashish (talabalarga 28 mingta yo‘llanmalar taqdim etilgan); umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi shahodatnoma olish (8 mingta shahodatnomalar onlayn yuklab olingan) kabi yangi elektron xizmatlar joriy etildi.
Elektron xizmatlardan foydalanish ommabopligini yanada oshirish maqsadida tijorat banklari, onlayn to‘lov tizimlari va mobil aloqa operatorlarining mobil ilovalari orqali ham elektron xizmatlarni ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi (“Aloqabank”ning “Zoomrad”, “Agrobank”ning “Agro mobile”, “Xalq banki”ning “Xazna” hamda “PayMe”, “Uztelecom”, “Mobi.uz” va boshqalar).
Natijada 2023-yil yakuni bo‘yicha elektron shaklda ko‘rsatilayotgan xizmatlar ulushi respublika bo‘yicha 64 foizni tashkil etdi.