audio

    IT Park hududida Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi tashkil etiladi

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 1-fevral kuni  “Raqamli texnologiyalar xalqaro markazini tashkil etish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-25-son Farmoni qabul qilindi.

    Mamlakatimizda raqamli texnologiyalar bozorining investitsiya jozibadorligini oshirish uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishga xorijiy investitsiyalarni faol jalb etish, raqamli texnologiyalar sohasidagi korxonalarning eksport faoliyatini jadallashtirish va ularning xalqaro bozorlar bilan integratsiyalashuvini kengaytirish maqsadida:

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-sentabrdagi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini 2023-yilda sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–300-son qarori bilan IT sohada xizmatlar eksporti hajmini 5 milliard dollarga, yaratilgan ish o‘rinlari sonini 100 mingtaga yetkazish, IT-Parkda xorijiy kompaniyalar uchun yanada qulay sharoitlar yaratish va ularning vakolatxonalari sonini 1 000 taga yetkazish vazifasi belgilangan.

    Farmonga muvofiq, IT-Park hududida raqamli texnologiyalar sohasida mahsulotlar ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatish uchun qulay sharoitlarga ega bo‘lgan maxsus hudud sifatida Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi (International Digital Technology Center – “ENTERPRISE UZBEKISTAN”) tashkil etiladi.

    Shuningdek, 2024-yil 1-iyundan boshlab 5 yilgacha bo‘lgan muddatga Markazda xorijiy kompaniyalar uchun qo‘llaniladigan maxsus huquqiy rejim eksperiment tariqasida joriy qilinadi.

    Markaz hududida eksperiment tariqasida quyidagi sohalarda maxsus huquqiy rejim joriy etiladi:

    raqamli texnologiyalar sohasida innovatsiyalar, xizmatlar va biznes mahsulotlarini ishlab chiqish va sinovdan o‘tkazish bo‘yicha “tartibga solish qumdoni”ni joriy etish;

    bojxona va soliqqa tortish;

    mehnat munosabatlari;

    moliya va bank faoliyati;

    shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish va ularni himoya qilish;

    davlat xizmatlarini ko‘rsatish;

    intellektual mulkni himoya qilish;

    tijorat va fuqarolik nizolarini ko'rib chiqish belgilandi.

    Bunda, Raqamli texnologiyalar vazirligi maxsus huquqiy rejimni joriy etish bo‘yicha vakolatli organ hisoblanadi.


    • view_icon 1769
    : 2024-02-29 12:42:18