Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov boshchiligidagi delegatsiya Dubay xalqaro moliya markazi (DIFC) bosh direktori Arif Amiri va “DIFC” innovatsion markazi direktori Muhammad Alblushi bilan uchrashuv o‘tkazdi.
“DIFC” Yaqin Sharq, Afrika va Janubiy Osiyo (MEASA) mintaqasidagi yetakchi global moliyaviy markaz hisoblanadi. Tashkilot MEASA mintaqasida savdo va investitsiya oqimini rivojlantirish bo‘yicha qariyb 20 yillik tajribaga ega.
Uchrashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad – “Enterprise Uzbekistan” xalqaro raqamli texnologiyalar markazini tashkil etish bo‘yicha strategik chora-tadbirlarni muhokama qilishdan iborat edi. Ushbu markaz IT Park hududida raqamli texnologiyalar sohasida mahsulotlar yaratish uchun qulay sharoitlarga ega maxsus zona hisoblanadi.
“Enterprise Uzbekistan” markazi texnologik kompaniyalar uchun noyob muhitni, jumladan, innovatsion loyihalar uchun “tartibga solish qumdoni”, intellektual mulk, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish, shuningdek, keng qamrovli davlat va bank xizmatlarini taklif etishi mumkin.
Bundan tashqari, markaz mehnat, bojxona va soliq qonunchiligi masalalarida, shuningdek, tijorat va fuqarolik nizolarini hal qilishda muhim yordam ko‘rsatib, raqamli texnologiyalar va autsorsingni rivojlantirish uchun qulay muhit yaratadi.
“DIFC” vakillari bu borada amalga oshirilgan ishlar va O‘zbekistonning yangi IT-autsorsing markaziga aylanish istagini yuqori baholadilar.
Uchrashuv yakunida IT Park va “DIFC” o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Tajriba almashish, shuningdek, “DIFC”ga a’zo kompaniyalarni respublika orqali global biznes yuritish uchun O‘zbekistonda vakolatxonalar ochishga taklif qilish rejalashtirilgan.