“O‘zbekistonda ma’lumotlar ilmi fani – “Data science” o‘quv kursini rivojlantirish istiqbollari” mavzusida ilmiy-amaliy seminar o‘tkazildi
2024-02-26 13:40:00 / Vazirlik yangiliklari

Seminar Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 19-maydagi “Mirzo Ulug‘bek vorsilari” tayyorlov o‘quv kurslarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash, shuningdek, yangi ishchi o‘rinlarini tashkil etishda perspektiv kasblar ta’limini rivojlantirish, talabalar va mutaxassislar uchun hamkorlik muhitini yaratish maqsadida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash “Mirzo Ulug‘bek” jamg‘armasi hamkorligida tashkil etildi.
Seminardan maqsad – soha mutaxassislari, potensial ish beruvchilar, muhokama va fikr almashishni osonlashtirish uchun “Data science” sohasidagi talabalar va mutaxassislarni birlashtirishga qaratilgan.
Uchrashuvda Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Kongratbay Sharipov ishtirok etib, o‘z nutqlari bilan seminar ishtirokchilariga bilimlarini ulashdi.
“Hozirgi kunda arzon ishchi kuchiga bo‘lgan talab kamayib bormoqda. Ularning o‘rnini sun’iy intellekt hamda robotatexnika texnologiyalari egallamoqda. Katta-katta kompaniyalar rahbarlarining erishgan yutuqlari va natijalarini ko‘p eshitamiz va kuzatamiz. Kelajakda siz ham xuddi ulardek bo‘lishni istasangiz, albatta, hozirdan til o‘rganib, bu sohaga qiziqib, kelajakni oldindan ko‘rgan holda, yo‘qolib ketadigan kasblarni emas, yangi va rivojlanayotgan sohalarni chuqur o‘rganish lozim.
Sun'iy intellekt sabab ko‘plab sohalar kelajakda yo‘qolib ketishi mumkin, buni ham hisobga olish kerak”, – dedi Raqamli texnologiyalar vaziri Sh. Shermatov.
Seminar davomida ishtirokchilar O‘zbekistondagi “Data science” sohasidagi mavjud vaziyatni o‘rganish, fikr almashish, va ushbu sohadagi istiqbollarni muhokama qilish imkoniga ega bo‘ldilar.









