2025–2026-yillarda sun’iy intellekt texnologiyalari sohasida ustuvor loyihalarni amalga oshirishga oid qaror qabul qilindi
2025-07-11 18:40:00 / Vazirlik yangiliklari

Joriy yilning 1-iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt va telekommunikatsiya sohalaridagi rejalar taqdimoti bilan tanishib, ushbu sohalarni yanada rivojlantirish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi.
Ushbu topshiriqlar asosida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 10-iyuldagi 425-sonli “2025–2026-yillarda sun’iy intellekt texnologiyalari sohasida ustuvor loyihalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Mazkur qaror bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sun’iy intellekt texnologiyalarini 2030-yilga qadar rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 2024-yil 14-oktabrdagi PQ–358-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida “Sunʼiy intellekt va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish markazi” davlat muassasasi tashkil etildi hamda 2025–2026-yillarda amalga oshiriladigan ustuvor loyihalar belgilab berildi.
Qarorga muvofiq:
Raqamli texnologiyalar vazirligi tizimidagi tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladigan sun’iy intellekt texnologiyalari bo‘yicha ustuvor loyihalar ro‘yxati 1-ilovaga muvofiq tasdiqlandi.
Shuningdek, vazirlik va idoralar tomonidan amalga oshiriladigan loyihalar ro‘yxati esa 2-ilovaga asosan ma’qullandi.
Shuningdek, qarorga asosan:
2026-yil 1-iyunga qadar Toshkent shahridagi Inha universiteti uchun sun’iy intellekt texnologiyalarini amalga oshirish bo‘yicha parallel hisoblash, mashinaviy o‘qitish va boshqa loyihalar uchun zarur bo‘lgan grafik ishlov berish bloklarini (GPU) o‘z ichiga olgan yuqori samarali hisoblash klasteri hamda katta ma’lumotlar bazasi server qurilmalari xarid qilinishini belgilandi.
Har chorak yakuni bo‘yicha loyihalarning ijrosi yuzasidan Raqamli texnologiyalar vazirligiga axborot taqdim etib boriladi.
Loyihalarni amalga oshirish doirasida tanlovlar o‘tkazish, texnik ko‘mak, maslahat va boshqa tashkiliy masalalarni hal etish nazarda tutilgan.
