audio

    “Huawei Tech4Good global” tanlovida “Silver Award”ni qo‘lga kiritgan talabalar taqdirlandi

    Raqamli texnologiyalar vazirligida “Huawei Tech4Good global” tanlovida “Silver Award”ni qo‘lga kiritgan yoshlarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

    Unda Raqamli texnologiyalar vaziri oʻrinbosari Rustam Karimjonov ishtirok etib, ushbu qoʻlga kiritilgan mukofot bilan talabalarni tabrikladi hamda ularning kelgusida rejalashtirgan loyiha va tanlovlarda ishtirokida muvaffaqiyat tiladi. 

    Ma’lumki, joriy yilning 11-yanvar kuni Huawei tomonidan “Seeds for the Future 2023” taʼlim dasturi doirasida oʻtkazilgan “Tech4Good global” tanlovida oʻzbekistonlik sakkiz nafar talaba “Silver Award” mukofotiga sazovor bo‘lgan edi.

    Ushbu loyihada Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Toshkent shahridagi Inha universiteti, Toshkent shahridagi Amiti universiteti, Toshkent shahridagi Kimyo xalqaro universiteti va Yangi O‘zbekiston universiteti talabalari sovrinli o‘rinni egallashdi. 

    “Tech4Good 2023” tanlovi o‘zbekistonlik ishtirokchilar uchun bir necha bosqichda o‘tkazildi. Birinchi tanlov 2023-yil sentabr oyida Qatar poytaxti Doha shahrida mintaqaviy darajada bo‘lib o‘tdi va unda o‘zbekistonlik o‘n besh nafar talaba ishtirok etdi. 

    BAAning Dubay shahrida akseleratsiya dasturi ko‘rinishidagi ikkinchi bosqich bo‘lib o‘tdi va unda o‘zbekistonlik talabalar Tech4Good mintaqaviy chempioni bo‘lishdi. Mintaqaviy bosqich natijalariga ko‘ra, “Techno Mind” jamoasi 2023-yil dekabr oyida BAAning Dubay shahrida bo‘lib o‘tgan “Seeds Tour va COP-28” tadbirlarida ishtirok etishga taklif qilindi va u yerda “Talent & Green Summit”da o‘z loyihasini taqdim etishdi. 

    Eslatib o‘tamiz, loyiha sovrindori sifatida talabalar joriy yil “Startup Sprint”da ishtirok etish va biznes ko‘nikmalarini oshirish uchun Xitoyga tashrif buyuradilar.

     


    • view_icon 677
    : 2024-03-12 18:48:46