15 million fuqaro haqidagi ma’lumotlar sotilgani to‘g‘risidagi xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi
2026-02-12 13:55:00 / Vazirlik yangiliklari

Raqamli texnologiyalar vazirligida ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalistlar, jamoatchilik vakillari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov ishtirok etdi. Dastlab vazir so‘nggi kunlarda ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamaga sabab bo‘lgan mazkur xabarlarning dolzarbligiga to‘xtaldi.
Shuningdek, vazir axborot xavfsizligi va shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish davlat siyosatida ustuvor yo‘nalishlardan biri ekanini ta’kidlab, yuzaga kelgan holat bo‘yicha vakolatli organlar tomonidan tezkor o‘rganish ishlari amalga oshirilgani hamda dastlabki tahlil natijalari asosida aniq ma’lumotlar berib o‘tdi.
Bugungi matbuot anjumanidan maqsad – vaziyatni xolis baholagan holda muhokama qilish va jamoatchilikka jarayon yuzasidan axborot berishdan iborat bo‘ldi.
Xalqaro tajriba
Barchaga ma’lumki, raqamlashtirish jarayoni rivojlanishi bilan birga axborot tizimlariga kiberhujumlar ham ortib bormoqda.
Dunyo kibermakonida yuz berayotgan holatlar shuni ko‘rsatadiki, kiberhujumlar hatto yuqori texnologiyali va rivojlangan tizimlarga ega mamlakatlarda ham sodir bo‘lmoqda. Muhimi: tezkor aniqlash, bartaraf etish va zararni minimallashtirish, yuzaga kelgan holatni to‘liq tahlil qilgan holda himoyani kuchaytirish asosiy masala bo‘lib turibdi.
2025-yilning o‘zida jahonda kiberhujumlar natijasida 10,5 trln dollar zarar ko‘rilgan bo‘lib, yirik kompaniyalar platformalaridan 16 mlrddan ortiq foydalanuvchilar ma’lumotlari o‘g‘irlangan.
Ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan xabarlarga ko‘ra, eng rivojlangan mamlakatlarda ham bunday holatlarni kuzatish mumkin.
Masalan, Xitoyda 2025-yil may oyida fuqarolarning katta hajmdagi ma’lumotlari (4 mlrd yozuvlar) xakerlar tomonidan qo‘lga kiritilgan.
AQShda 2024-yil aprel oyida 2,9 mlrd ochiqlangan ma’lumotlar AQSh, Buyuk Britaniya va Kanada fuqarolariga tegishli bo‘lishi mumkin bo‘lganligi qayd etilgan.
Buyuk Britaniyada 2025-yil yanvarda xaker 18,8 million mijozning shaxsiy ma’lumotlarini sotuvga qo‘yganligini ma’lum qilgan.
Indoneziyada 2024 yil avgust oyida data-markazga qilingan hujum natijasida davlat xizmatchilariga tegishli bo‘lgan 4,7 million ma’lumotlar tarqalgan.
O‘zbekistondagi holat bo‘yicha ma’lumot
Joriy yilning 2-fevral kuni ijtimoiy tarmoqlar va ayrim kanallarda go‘yoki 15 million fuqarolarga tegishli ma’lumotlar sizib chiqqanligi haqida xabarlar tarqaldi.
Vakolatli organlar bilan holat o‘rganib chiqilganda quyidagilar ma’lum bo‘ldi:
Joriy yilning 27-30 yanvar kunlari 3 ta davlat idorasining axborot tizimlariga kiberhujumlar uyushtirilgan.
Lekin ijtimoiy tarmoqlarda 15 million fuqarolar ma’lumotlari to‘g‘risida tarqalgan xabarlar dastlabki o‘rganish natijalariga ko‘ra 60 mingga yaqin ekanligi aniqlandi.
Ko‘rilgan choralar
Kiberhujumni bartaraf qilish maqsadida tezkorlikda quyidagi choralar ko‘rildi:
axborot infratuzilmalariga kelgusidagi ruxsatsiz kirishlarga chek qo‘yildi;
Yagona identifikatsiya tizimi (OneID) foydalanuvchilarining tizimga kirish parollari yangilandi (sbros berildi), texnik himoya qurilmalarida himoya vositalari yanada kuchaytirildi;
shuningdek, Yagona identifikatsiya tizimi (OneID)da qo‘shimcha xavfsizlik choralari ko‘rilib, shaxsiy ma’lumotlarni egasining roziligi asosida boshqa tizimlarga taqdim etish yoki cheklash imkoniyati yo‘lga qo‘yildi.
Alohida ta’kidlash lozimki, kiberxavfsizlik uzeli orqali 2024-yilda 7 mlndan ortiq tahdid bartaraf etilgan bo‘lsa, 2025-yilda bu ko‘rsatkich 107 mlndan oshdi o‘z vaqtida va samarali choralar ko‘rildi.
Shu bilan birga, o‘tgan 2025-yil sarhisobi, istiqboldagi tendensiyalar tahlili O‘zbekiston kibermakoni nafaqat shiddat bilan rivojlanayotganini, balki global tahdidlarning nishoniga aylanayotganini ko‘rsatdi.
Shaxsiy ma’lumot sizib chiqishga tushuncha berish
“Shaxsiy ma’lumot sizib chiqishi” degani – bu sizning shaxsiy akkauntingiz buzilgan degani emas. Bunda asosan fuqarolarning ism-sharifi, tug‘ilgan sanasi, manzili, telefon raqami kabi ma’lumotlardan biri qo‘lga kiritilgan bo‘lishi mumkin.
Ya’ni firibgar bu ma’lumotlarni qo‘lga kiritgani bilan fuqaroning shaxsiy ishtirokisiz uning nomidan biror bir hatti-harakatni amalga oshirolmaydi. Shu sababdan, ular turli usullar bilan qolgan ma’lumotlar to‘plamini qo‘lga kiritish uchun navbatdagi xurujlarni amalga oshiradi.
Keyinchalik qo‘lga kiritilgan ushbu ma’lumotlar to‘plami firibgarlarga aldov uchun vosita sifatida foydalanish imkonini beradi. Masalan, firibgar fuqaroga telefon qilib, o‘zini bank xodimi sifatida tanishtirib, u haqidagi ma’lumotlarni aytib, go‘yoki uning nomidan kimdir kredit olmoqchi ekanini, so‘rovni bekor qilish uchun SMS-kod xabarini aytib yuborishni so‘rashi mumkin.
SMS-kod yoki loginlarni qo‘lga kiritish uchun turli psixologik bosimlar va nayranglar o‘tkazishi mumkin.
Bunday vaziyatlarda doim hushyor bo‘lish zarur.
Aholi uchun kibergigiena: shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish bo‘yicha tavsiyalar
Vazirlik va idoralar axborot tizimlarining himoya vositalari doimiy ravishda yangilanib, takomillashtirib boriladi. Lekin ushbu jarayonda shaxsiy kibergigiena ham muhim ahamiyatga ega.
1. Eng muhimi, Yagona identifikatsiya tizimi (OneID), bank ilovasi, elektron pochta, davlat xizmatlari ko‘rsatiladigan platformalardagi akkauntlarda murakkab parollardan foydalanish va doimiy yangilab borish zarur.
Yagona identifikatsiya tizimida (OneID) ikki bosqichli autentifikatsiya funksiyasini yoqish, ya’ni tizimga shaxsan o‘zingiz kirayotganingizni mobil ilovadagi kod yoki Face-ID orqali tasdiqlash muhim.
2. “Bank xodimi”, “xavfsizlik xizmati”, “shifoxona xodimi” yoki “mobil aloqa operatori” deb qo‘ng‘iroq qilganlarga SMS-kod, parol, bank kartasi rekvizitlarini aytmang.
3. Telegram va boshqa mesenjerlar, elektron pochta orqali “Havolaga kiring” degan xabar kelganda havolaga kirmaslik, rasmiy ilova yoki rasmiy saytga shaxsan kirib tekshirish zarur.
4. Taniqli shaxslarning sun’iy intellekt yordamida yaratilgan soxta tasvir va videolari hamda ular nomidan ochilgan akkauntlardan kelgan taklif va so‘rovlarga aldanib qolmaslik kerak.
Ma’lumotlar xavfsizligi – har bir davlat va jamiyat uchun dolzarb masala. Muhimi, vaziyatni shoshmasdan, rasmiy manbalarga tayangan holda xolis baholang.
Har bir fuqaro kibergigiena qoidalariga amal qilish orqali, xavflarni sezilarli kamaytirish mumkin.
Bu yo‘nalishdagi ishlarni samarali tashkil etish maqsadida ommaviy axborot vositalaridan targ‘ibotni kuchaytirish va xolisona ma’lumotlarni tarqatilishida amaliy yordam berishingizni so‘rab qolamiz.



