Surxondaryoda AT eksportini oshirish yo‘lida xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlik kengaytirilmoqda
2026-02-28 20:05:00 / Vazirlik yangiliklari

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatovning Surxondaryo viloyatiga tashrifi doirasida hududning eksport salohiyatini kuchaytirish maqsadida xorijiy AT kompaniyalari vakillari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazildi.
“Soft 72” kompaniyasi bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda qo‘shma loyihalar uchun malakali kadrlar tayyorlash masalalari muhokama qilindi. Unda vazirlik tomonidan AT-sohasi vakillariga taqdim etilayotgan “Zero Risk” dasturi hamda soliq imtiyozlari kompaniyaning hududdagi faoliyatini kengaytirish uchun muhim asos ekani ta’kidlandi.
Dastlab “Yarkin Tech Hub” kompaniyasi bilan muloqotda mahalliy AT-mahsulotlar orqali Afg‘oniston bozoriga chiqish imkoniyatlari tahlil qilindi. Xususan, tibbiyot, to‘lov tizimlari, ta’lim va elektron tijorat yo‘nalishlarida loyihalarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuvlar davomida “Ayritom” erkin iqtisodiy zonasi hududida zamonaviy AT-ofislar tashkil etish, shuningdek viloyatning geografik ustunligidan foydalanib mintaqaviy AT-hab barpo etish istiqbollari alohida qayd etildi.
Mazkur hamkorliklar Surxondaryo viloyatida yangi ish o‘rinlarini yaratish hamda raqamli xizmatlar eksportini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.



