MWC–2026: O‘zbekiston raqamli infratuzilma va sun’iy intellekt masalalarini xalqaro maydonda ilgari surmoqda
2026-03-10 14:20:00 / Vazirlik yangiliklari

Vazir kongressning ochilish marosimida ishtirok etib, bir qator sessiya va davra suhbatlarida nutq so‘zladi. Xususan, sun’iy intellektni tezkor rivojlantirish bo‘yicha xalqaro hamkorlikni kengaytirish muhimligini ta’kidladi hamda O‘zbekistonda 2025-yilda qabul qilingan qarorlar asosida sun’iy intellekt milliy ustuvor yo‘nalish sifatida belgilanganini qayd etdi.
Shuningdek, ulanmagan hududlarni internet bilan qamrab olish bo‘yicha inklyuziv radiochastota siyosati, aloqa operatorlari uchun yaratilgan sharoit va imtiyozlar yuzasidan ma’lumot berildi. Kongress ishtirokchilari O‘zbekiston yondashuvini telekom bozorining real sharoitiga mos, iqtisodiy jihatdan asosli hamda investitsiyalarni infratuzilmaga yo‘naltirishga xizmat qiluvchi model sifatida yuqori baholadilar.
Sun’iy yo‘ldosh xizmatlari bo‘yicha panel sessiyada O‘zbekistonda sun’iy yo‘ldosh operatorlari faoliyatini tartibga soluvchi aniq mexanizmlar joriy etilgani, yerusti infratuzilmasini barpo etgan operatorlar uchun soliq imtiyozlari hamda xizmatlarni yo‘lga qo‘yishda soddalashtirilgan tartiblar mavjudligi ta’kidlandi. Shu bilan birga, sun’iy yo‘ldosh aloqa provayderlari faoliyatini muvofiqlashtirish va milliy qonunchilikka rioya etilishini ta’minlaydigan xalqaro tartibga solish mexanizmlarini ishlab chiqish taklif etildi.
Bundan tashqari, raqamli yechimlarni joriy etishning dastlabki bosqichlaridayoq axborot va kiberxavfsizlik talablarini inobatga olish zarurligi, shuningdek sun’iy intellekt, ma’lumotlar infratuzilmasi va raqamli tizimlarning barqarorligini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralarda O‘zbekistonda data-markazlar barpo etish uchun yaratilgan sharoitlar, amaldagi imtiyozlar va investorlar uchun qulay mexanizmlar taqdim etildi hamda ushbu yo‘nalishga sarmoya kiritish taklif qilindi. Kongress doirasida ilk bor O‘zbekiston IT Park’ining milliy stendi ham tashkil etildi.
Shuningdek, kongress ishtirokchilari 20–21-may kunlari Samarqand shahrida o‘tkaziladigan “GSMA M360 Eurasia” xalqaro kongressiga taklif etildi.






