Vahimaga o‘rin yo‘q: O‘zbekiston virtual raqamlari sotilayotganligi bo‘yicha munosabat
2026-03-19 13:10:00 / Vazirlik yangiliklari

Ushbu xabarda keltirilgan skrinshotlar https://smsfast.com, norasmiy onlayn-servisidan olingan bo‘lib, mazkur servisda O‘zbekiston raqamlari bilan bir qatorda, ko‘plab davlatlar, jumladan AQSh, Kanada, Buyuk Britaniya, BAA, Portugaliya, Vetnam va boshqa davlatlarning virtual raqamlari ham mavjud.
Norasmiy servisdan olingan virtual raqamlardan ijtimoiy tarmoqlar, elektron pochtalar hamda boshqa turdagi elektron platformalarda ro‘yxatdan o‘tish uchun faqatgina bir martalik maxsus kod (OTP – one time password) orqali qisqa muddatga foydalanilishi mumkin.
BIROQ, USHBU VIRTUAL RAQAMLARDAN TELEFON RAQAMLARI SIFATIDA FOYDALANIB BO‘LMAYDI VA INTERNET XIZMATLARIDAN FOYDALANISH IMKONIYATI MAVJUD EMAS. SHU BILAN BIRGA, FUQAROLARNING SHAXSGA DOIR MA’LUMOTLARINI NOQONUNIY QO‘LGA KIRITISH IMKONI MAVJUD EMASLIGI SABABLI VAHIMAGA O‘RIN YO‘Q.
Ta’kidlash lozimki, axborot texnologiyalari yordamida sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashni kuchaytirish maqsadida barcha mobil aloqa operatorlari tarmoqlarida raqamlarni o‘zgartirish (soxtalashtirish) holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimi joriy etilib, doimiy takomillashtirib borilmoqda.
So‘nggi vaqtlarda kibermakonda sodir etilayotgan qoidabuzarliklarni amalga oshirish uchun telekommunikatsiyalar resurslari, jumladan, soxta raqamlardan ijtimoiy tarmoqlar, elektron pochtalar hamda boshqa turdagi elektron platformalarda yolg‘on (fake) akkauntlar yaratish va ro‘yxatdan o‘tishda foydalanish xalqaro miqyosda ham dolzarb muammolardan biri sifatida qolmoqda.
Yurtimizda ushbu yo‘nalishda talablarni kuchaytirish, fuqarolar nomiga ularning ishtirokisiz raqamlar rasmiylashtirilishining oldini olish maqsadida Adliya vazirligi tomonidan 2026-yil 6-yanvarda 3762-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan “Telekommunikatsiyalar xizmatlarini ko‘rsatish qoidalari”da operator va abonent o‘rtasida telekommunikatsiyalar xizmatlari uchun shartnoma tuzish yuzni biometrik identifikatsiyalash (Face-ID) yordamida tasdiqlash orqali amalga oshirilishi belgilandi.
Bundan tashqari, my.gov.uz portalining “Mening raqamlarim” xizmatidan foydalanish orqali fuqarolar o‘z nomlariga rasmiylashtirilgan barcha mobil raqamlarni kuzatib borishlari mumkin.
