Samarqandlik iqtidorli yoshlar bilan yangi startap g‘oya va imkoniyatlar muhokama qilindi
2026-03-19 20:45:00 / Vazirlik yangiliklari

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov xizmat safari doirasida Samarqand shahridagi “School-21” Raqamli texnologiyalar maktabi faoliyati bilan tanishdi hamda iqtidorli yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Ushbu uchrashuv mamlakatda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish va yoshlarning innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan muhim tadbirlardan biri sifatida ahamiyat kasb etdi.
Tadbir davomida Samarqandlik yoshlar vazirga o‘zlarini qiziqtirgan savollari bilan murojaat qilish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Bunda AT sohasidagi imkoniyatlar, startaplarni moliyalashtirish, xalqaro bozorga chiqish, ta’lim va amaliyotni uyg‘unlashtirish kabi mavzular qamrab olindi.
Vazir har bir savolga atroflicha javob berib, yoshlarga amaliy tavsiyalar berdi. Shuningdek, u mamlakatda raqamli texnologiyalarni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar va yangi imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Uchrashuv doirasida yoshlar o‘zlarining startap loyihalarini taqdimot qildilar. Ishtirokchilar turli yo‘nalishlardagi innovatsion g‘oyalari, AT mahsulotlari va raqamli yechimlarini namoyish etdilar. Vazir mazkur tashabbuslarni yuqori baholab, ayrim loyihalarni kelgusida qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlarini ko‘rib chiqishini ta’kidladi.
Tadbir yakunida faol va iqtidorli yoshlardan bir qismi vazir tomonidan esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.






