my.gov.uz'da gaz ta’minoti bo‘yicha yangi davlat xizmatlari ishga tushirildi
2026-06-03 17:40:00 / Vazirlik yangiliklari
Endi yagona interaktiv davlat xizmatlari portali — my.gov.uz orqali fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari ayrim gaz xizmatlari bo‘yicha murojaatlarni masofadan turib, onlayn tarzda yuborishlari mumkin.

Portalda quyidagi xizmatlar ishga tushirildi:
- Gaz tarmoqlarida qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish uchun murojaat yuborish;
- Aholi, sanoat va kommunal-maishiy korxonalarning gaz jihozlariga profilaktik hamda texnik xizmat ko‘rsatish uchun ariza topshirish.
Mazkur xizmatlar orqali gaz plitalari, isitish pechlari, gaz qozonlari, hisoblagichlar va boshqa gaz jihozlarini texnik ko‘rikdan o‘tkazish, shuningdek, gaz tarmoqlarida qurilish-montaj ishlari bo‘yicha murojaatlarni rasmiylashtirish mumkin.
Yangi xizmatlar fuqarolar uchun ortiqcha vaqt va mablag‘ sarfini kamaytirish, davlat xizmatlaridan foydalanish jarayonini yanada qulay va shaffof qilishga xizmat qiladi.
Xizmatlardan foydalanish: my.gov.uz
