O‘zbekiston va ZTE raqamli infratuzilma sohasidagi hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildi
2026-06-10 10:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov ZTE kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida ZTE kompaniyasi tomonidan O‘zbekistonda Data markazlar tashkil etish va rivojlantirishga doir konseptual yechimlar hamda texnik takliflar taqdim etildi. Xususan, Data markazlarning barqaror va uzluksiz ishlashini ta’minlash, energiya ta’minoti, zaxira elektr manbalari, sovutish tizimlari, axborot xavfsizligi hamda muhandislik infratuzilmasi masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, loyiha doirasidagi keyingi bosqichlarni samarali tashkil etish maqsadida ishchi guruh shakllantirish hamda texnik masalalarni birgalikda ishlab chiqish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Uchrashuv davomida ZTE kompaniyasi tomonidan turli mamlakatlarda amalga oshirilgan GovTech loyihalari va raqamli transformatsiya bo‘yicha xalqaro tajribalar ham taqdim etildi. Tomonlar davlat xizmatlarini raqamlashtirish, zamonaviy raqamli infratuzilmani rivojlantirish va ilg‘or texnologik yechimlarni joriy etish borasidagi xorijiy tajribalar yuzasidan fikr almashdilar.
Ta’kidlash joizki, avvalroq GSMA M360 Eurasia 2026 xalqaro forumi doirasida ZTE kompaniyasi Katta vitse-prezidenti Chjan Jianpeng bilan uchrashuv o‘tkazilib, Data markazlar faoliyatini kengaytirish va telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish masalalari muhokama qilingan edi.
Uchrashuv yakunida tomonlar Data markazlar tashkil etish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirish, loyihaning navbatdagi bosqichlarini amalga oshirish hamda mazkur yo‘nalishdagi amaliy ishlarni jadallashtirish yuzasidan fikr almashdilar.


