Xitoyning “Ant Group” kompaniyasi bilan O‘zbekistonda sun’iy intellektni yanada rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
2026-07-16 09:50:00 / Vazirlik yangiliklari

Xitoyning Shanxay shahrida Butunjahon sun’iy intellekt konferensiyasi (World Artificial Intelligence Conference – WAIC) bo‘lib o‘tadi. Ushbu konferensiya doirasida Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Xitoyga tashrifi davomida “Ant Group” kompaniyasining xalqaro yo‘nalish bo‘yicha innovatsiyalar va yechimlar direktori Garri Sien boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.
Muloqot davomida sun’iy intellekt, ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari, raqamli infratuzilma, moliyaviy texnologiyalar hamda ilg‘or raqamli yechimlar sohalaridagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Uchrashuvda “Ant Group” vakillari kompaniyaning sun’iy intellektni rivojlantirish va amaliyotga joriy etish bo‘yicha yondashuvini taqdim etdi. Qayd etilishicha, kompaniya sun’iy intellektni uzoq muddatli strategiyasining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilagan bo‘lib, turli vazifalar uchun iqtisodiy samaradorlikdan kelib chiqib mos AI modellaridan foydalanmoqda.
Shuningdek, sun’iy intellektning moliyaviy xizmatlar, sog‘liqni saqlash va elektron tijorat sohalaridagi qo‘llanilishi, deepfake texnologiyalaridan himoyalanish, raqamli identifikatsiya, bulutli texnologiyalar hamda AI-agentlar bo‘yicha ishlab chiqilgan yechimlar haqida ma’lumot berildi. Kompaniya vakillari sun’iy intellekt texnologiyalarini inson omilini almashtirish emas, balki uning salohiyatini yanada oshirish vositasi sifatida ko‘rishini qayd etdi.
Vazir O‘zbekistonda sun’iy intellekt ekotizimi, hisoblash quvvatlari va data-markazlar infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi. Xususan, mamlakatda raqobatbardosh elektr energiyasi narxlari, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish imkoniyatlari hamda zamonaviy data-markazlarni joylashtirish uchun yaratilayotgan qulay sharoitlar taqdim etildi.
Vazir “Ant Group” kompaniyasiga O‘zbekistonni sun’iy intellekt infratuzilmasini rivojlantirish hamda kompaniyaga Toshkent shahrini mintaqaviy ofis joylashuvi sifatida ko‘rib chiqishni taklif etdi. “Ant Group” vakillari mintaqadagi faoliyatni bosqichma-bosqich kengaytirish imkoniyatlarini o‘rganishga tayyor ekanini bildirdi.
Yakunda Sherzod Shermatov Garri Sienni joriy yil sentabr oyida bo‘lib o‘tadigan “ICT Week Uzbekistan” tadbirida ishtirok etishga taklif etdi.






