IT Park Uzbekistan HICOOL 2026 xalqaro sammiti uchun startaplar arizalarini qabul qilmoqda
2026-07-31 14:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Saralashdan o‘tgan startaplar O‘zbekiston milliy pavilyonida o‘z stendiga ega bo‘lish, sammit doirasida investorlarga o‘z loyihalarini taqdim etish (pitch), ochilish hamda taqdirlash marosimlarida ishtirok etish, shuningdek, Pekin bo‘ylab tashkil etiladigan tanishuv dasturida qatnashish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Tanlovda Xitoy va Osiyo bozorlariga chiqishni rejalashtirayotgan IT Park rezident startaplari, sun’iy intellekt va robototexnika, dasturiy ta’minot va AT, IoT va aqlli shaharlar, chiplar va kvant texnologiyalari, FinTech, BioTech, MedTech hamda AgriTech yo‘nalishlarida faoliyat yurituvchi jamoalar ishtirok etishi mumkin.
Nomzod kompaniyalar mahsulotining ingliz tilidagi versiyasiga ega bo‘lishi, jonli demo namoyish etishga tayyorligi hamda taqdimotni asoschi (founder) yoki C-level rahbar amalga oshirishi talab etiladi.
HICOOL 2026 doirasida 70 dan ortiq tadbir o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo‘lib, ularda 50 ta mamlakatdan 600 ta eksponent, 1 000 dan ortiq investor, 300 ta yetakchi kompaniya va 50 mingdan ziyod tadbirkor ishtirok etishi kutilmoqda.
Tadbir 2026-yil 26–29-avgust kunlari Pekin shahrida bo‘lib o‘tadi. Arizalar 10-avgustga qadar qabul qilinadi.
Hoziroq ro‘yxatdan o‘ting!
Eslatma: safar va yashash bilan bog‘liq xarajatlar ishtirokchi kompaniyalar tomonidan qoplanadi.
Startaplar StartupBase.uz platformasi orqali ro‘yxatdan o‘tib, tanlovda ishtirok etish uchun ariza topshirishlari mumkin.
