Oʻzbekiston va Ozarbayjon Prezidentlari Oliy davlatlararo kengashning uchinchi yigʻilishini oʻtkazdilar
2026-08-23 17:20:00 / Vazirlik yangiliklari

Koʻksaroy qarorgohida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev tor doirada uchrashuv hamda Oliy davlatlararo kengashning uchinchi yigʻilishini oʻtkazdilar.
Muzokaralarda Oʻzbekiston – Ozarbayjon strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalari koʻrib chiqildi.
Davlatimiz rahbari Ozarbayjon Respublikasi Prezidentining bu galgi davlat tashrifi tarixiy voqea ekanini alohida taʼkidladi.
– Sammit yakunida Abadiy doʻstlik toʻgʻrisidagi shartnomaning imzolanishi buning tasdigʻi boʻladi. Eng muhimi, strategik sheriklik va ittifoqchiligimizning har bir bandi aniq natijalar va amaliy harakatlarda oʻz ifodasini topadi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Yetakchilar ikki tomonlama aloqalar jadal rivojlanib borayotganini qayd etdilar. Parlamentlar, hukumatlar va tarmoqlar oʻrtasida muntazam muloqot yoʻlga qoʻyilgan.
Tashrifga tayyorgarlik doirasida Hukumatlararo komissiya, Ishbilarmonlar kengashi yigʻilishlari va Hududlar forumi muvaffaqiyatli oʻtkazildi.
Soʻnggi besh yilda oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi 3 barobarga ortdi. Energetika, kimyo, konchilik, toʻqimachilik, qishloq xoʻjaligi, shaharsozlik va boshqa yoʻnalishlarda kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.
Tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazish imkoniyatlari mavjudligi qayd etildi. Aniq chora-tadbirlarni oʻz ichiga olgan dastur qabul qilinayotgani mazkur muhim marraga erishish uchun mustahkam zamin yaratadi.
Yigʻilish doirasida yangi kooperatsiya loyihalarini bajarishga start beriladi. Bunday tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida Qoʻshma investitsiya kompaniyasi mablagʻlarini faol jalb etish muhimligi taʼkidlandi.
Ikki mamlakat oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqlikni kuchaytirish, Oʻrta yoʻlakni birgalikda rivojlantirish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.
Yetakchilar madaniyat, taʼlim, yoshlar siyosati va sport sohalaridagi faol almashinuvlarni davom ettirishga kelishib oldilar.
Bugun Nizomiy Ganjaviy nomidagi Milliy pedagogika universitetining yangi binosi ochiladi hamda Yangi Toshkentda “Ozarbayjon” bogʻini barpo etish ishlari boshlanadi.
Ikki xalqni yanada yaqinlashtirish maqsadida “Nizomiy Ganjaviy va Alisher Navoiy oʻrtasidagi adabiy koʻprik” mavzusida qoʻshma kinofilm yaratish taklif etildi.
Joriy yilning kuzida Ozarbayjonda yetakchi oliy taʼlim muassasalari rektorlarining ikkinchi forumi boʻlib oʻtadi.
2027-yilda mamlakatlarimizda muhim sport voqeasi – futbol boʻyicha yoshlar oʻrtasidagi jahon chempionati boʻlib oʻtadi. Bu borada qoʻshma sport, madaniyat va yoshlarga oid tadbirlarni oʻtkazishni nazarda tutuvchi keng koʻlamli “Ikki mamlakat – bir chempionat” dasturi ishlab chiqiladi.
Davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.
Yigʻilishda Hukumatlararo komissiya hamraislarining axborotlari tinglandi.
Erishilgan kelishuvlarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirishga qaratilgan “yoʻl xaritasi”ni qabul qilishga qaror qilindi.
Yakunda bank-moliya, qurilish materiallari, taʼlim, neft-gaz, turizm, uy-joy qurilishi, togʻ-kon sanoati va qishloq xoʻjaligi sohalaridagi qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga start berildi.






