ZTE “ICT Week Uzbekistan 2026” doirasida “Startaplar mamlakati uchun aqlli korxonalar” forumini o‘tkazdi
2026-09-23 09:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Forumda Raqamli texnologiyalar vaziri o‘rinbosari Jamol Maxsudov va ZTE Uzbekistan direktor o‘rinbosari Ildar Yusupov ishtirok etdi.
Forumda ishlab chiqarishni raqamlashtirish, sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish hamda O‘zbekistonda sanoatni modernizatsiya qilish va keng ko‘lamli raqamli transformatsiyani amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Tadbirda sun’iy intellekt, 5G, bulutli texnologiyalar, sanoat IoT texnologiyalarini ishlab chiqarish jarayonlariga integratsiya qilish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Jumladan, ishlab chiqarishni avtomatlashtirish, operatsion samaradorlikni oshirish, sifat nazoratini takomillashtirish, energiya sarfini optimallashtirish va barqaror rivojlanishni ta’minlash masalalariga e’tibor qaratildi.
Forumda sanoatda sun’iy intellektdan amaliy foydalanish, mavjud yechimlarni korxonalarga joriy etish va tajriba loyihalarni keng ko‘lamli amaliyotga tatbiq etish yondashuvlari muhokama qilindi.
Tadbirda davlat boshqaruvi, akademik hamjamiyat, sun’iy intellekt ekotizimi, raqamli infratuzilma va sanoat sohasi vakillari ishtirok etib, mamlakatda sanoat sun’iy intellektini joriy etish yondashuvlariga e'tibor qaratildi.
Shuningdek, forum doirasida “Tajribaviy loyihadan sanoat miqyosidagi joriy etishgacha: O‘zbekistonda sun’iy intellekt texnologiyalarini amalga oshirish” mavzusida panel muhokamasi o‘tkazildi.
“ICT Week Uzbekistan 2026” ko‘rgazmasidagi ZTE stendida sun’iy intellekt texnologiyalariga asoslangan telekommunikatsiya yechimlarining keng portfeli namoyish etildi. Ular oltita asosiy yo‘nalishni — simsiz tarmoqlar, transport tarmoqlari, FTTx, hisoblash tizimlari, raqamli energetika yechimlari va abonent qurilmalarini qamrab oladi.
Ko‘rgazmada simsiz tarmoqlar uchun ilg‘or modullar, HI-NET transport yechimi, to‘liq optik ulanish tarmoqlari uchun yechimlar, ZTE AIR Core hisoblash ekotizimi, sun’iy intellekt asosidagi energiya boshqaruvi tizimi hamda kompaniyaning yangi iste’molchi qurilmalari namoyish etildi.




