Jizzaxda fuqarolar va tadbirkorlar uchun sayyor qabul tashkil etildi
2026-09-28 19:30:00 / Vazirlik yangiliklari

Jizzax viloyati Baxmal tumani O‘smat shaharchasida joylashgan Madaniyat markazida Raqamli texnologiyalar vaziri maslahatchisi Doniyor Rustamov, Baxmal tumani hokimligi hamda tuman Xalq qabulxonasi mas’ul xodimlari ishtirokida fuqarolar va tadbirkorlar uchun sayyor qabul o‘tkazildi.
Sayyor qabul davomida fuqarolar tomonidan mobil aloqa va simli internet xizmatlari sifati, internet tariflari, raqamli ta’lim, AT xizmatlari hamda boshqa masalalar yuzasidan murojaat va takliflar bildirildi.
Murojaatlarning 10 dan ortig‘i joyida ijobiy hal etildi hamda fuqarolarga tegishli huquqiy va amaliy tushuntirishlar berildi. Qo‘shimcha o‘rganish va vaqt talab etadigan murojaatlar esa belgilangan tartibda ko‘rib chiqish uchun mas’ullarga biriktirildi. Murojaat mualliflariga ularni qonunchilikda belgilangan muddatlarda ko‘rib chiqish va natijalari bo‘yicha axborot taqdim etilishi ma’lum qilindi.
Shuningdek, Raqamli texnologiyalar vazirligi mutaxassislari tomonidan sayyor qabul ishtirokchilariga telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish, raqamli ta’lim, davlat xizmatlarini raqamlashtirish, kiberxavfsizlik, sun’iy intellekt hamda AT industriyasini rivojlantirish yo‘nalishlarida amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi.




