O‘zbekiston va Tojikiston IT Parklari o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi
2026-09-30 16:05:00 / Vazirlik yangiliklari

Raqamli texnologiyalar vaziri o‘rinbosari Jamol Maxsudov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Tojikistonga xizmat safari doirasida IT-Park Dushanbe faoliyati bilan tanishdi.
Tashrif davomida delegatsiyaga IT Park Dushanbe’ning faoliyati, rezidentlar uchun yaratilgan imtiyoz va shart-sharoitlar, shuningdek, IT Park Uzbekistan bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik aloqalari va ularni yanada rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Tojikiston IT Parklari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada jadallashtirish, qo‘shma startap va inkubatsiya dasturlarini tashkil etish, shuningdek, AT-kompaniyalar faoliyati uchun qulay shart-sharoitlar yaratish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, “Central Asian Innovation Hub” tashabbusi doirasida mintaqadagi AT-kompaniyalar va startaplarni xalqaro bozorlarga olib chiqish, ikki davlatning xalqaro nufuzli tadbirlar, anjumanlar va ko‘rgazmalarda yagona mintaqaviy brend sifatida ishtirokini kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shu bilan birga, IT Parklar o‘rtasida tajriba almashishni kengaytirish maqsadida oktabr oyida IT Park Uzbekistan vakillari hamda rezidentlarining Tojikistonga tashrifini tashkil etishga kelishib olindi.


