Sun’iy intellekt texnologiyalari bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalar yuzasidan ochiq muloqot o‘tkazildi
2026-10-16 11:05:00 / Vazirlik yangiliklari

Tadbirda Qonunchilik palatasi deputatlari, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Sog‘liqni saqlash, Transport, Energetika va Qishloq xo‘jaligi vazirliklari mas’ul xodimlari, faol yoshlar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Muloqot avvalida Raqamli texnologiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Oleg Pekos kirish so‘zga chiqib, sohada amalga oshirilayotgan ishlar va istiqbolli loyihalar haqida so‘z yuritdi.
Muloqotda ta’kidlanganidek, mamlakatimizda sun’iy intellekt sohasini rivojlantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan. So‘nggi yillarda mazkur sohada tizimli huquqiy va institutsional asoslar yaratilib, davlat rahbarining tegishli qarorlari bilan 2030-yilgacha sun’iy intellektni rivojlantirish strategiyasi tasdiqlandi. Unda davlat boshqaruvi, sog‘liqni saqlash, transport, energetika, qishloq xo‘jaligi hamda boshqa ustuvor tarmoqlarda sun’iy intellekt texnologiyalarini keng joriy etish vazifalari belgilandi.
Ayniqsa, davlat organlari faoliyatiga sun’iy intellekt yechimlarini keng tatbiq etish, milliy raqamli platformalarni rivojlantirish, mahalliy
AT-kompaniyalar va startaplarni qo‘llab-quvvatlash hamda yuqori malakali kadrlar tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Muloqot davomida vazirliklar tomonidan sun’iy intellektni amaliyotga joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar taqdim etildi. Sog‘liqni saqlash vazirligi 2030-yilga qadar 20 ta AI yechimini joriy etish, 1500 dan ortiq tibbiyot muassasasini qamrab olish, diagnostika vaqtini 30–50 foizga qisqartirish va yiliga 500 ming soat shifokorlar mehnatini tejash rejalarini taqdim etdi.
Energetika vazirligi neft-gaz, elektr energetikasi va gidroenergetika obyektlarida intellektual monitoring va videoanalitika tizimlari joriy etilayotganini ma’lum qildi. Transport vazirligi jamoat transportini boshqarishda sun’iy intellekt, Face Pay va Palm Pay to‘lov tizimlari hamda elektron ruxsatnomalarni avtomatik tekshirish mexanizmlarini taqdim etdi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan 100 dan ortiq xizmatni birlashtirgan AgroPortal platformasi, kosmik monitoring, geoaxborot tizimlari va sun’iy intellekt asosida hosildorlikni prognozlash loyihalari, shuningdek Koreya Respublikasi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan raqamli agrotexnologiyalar haqida ma’lumot berildi.









