DataVolt rahbariyati IT Park Uzbekistan hududida ma’lumotlar markazi qurilishi jarayonlari bilan tanishdi
2026-10-16 16:15:00 / Vazirlik yangiliklari

Vision Invest Group kompaniyasi raisi, DataVolt direktorlar kengashi a’zosi Muhammad Abunayyan va kompaniya bosh ijrochi direktori Rajit Nanda IT Park Uzbekistan majmuasiga tashrif buyurdi. Delegatsiyaga Raqamli texnologiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Ayubxon Sultonov hamrohlik qildi.
Tashrif DataVolt kompaniyasining IT Park majmuasida joylashgan ofisida boshlandi. U yerda delegatsiya kompaniya jamoasi bilan loyihaning joriy holati, amalga oshirilayotgan ishlar va tashkiliy masalalarni muhokama qildi.
Uchrashuvda qurilish, montaj va obodonlashtirish ishlarini yil yakuniga qadar yakunlashga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, loyihani amalga oshirish jarayonida mehnatni muhofaza qilish, texnika xavfsizligi va qurilish xavfsizligi talablariga qat’iy rioya etish muhim ustuvor vazifa ekani ta’kidlandi.
Shundan so‘ng delegatsiya qurilish maydoniga tashrif buyurib, amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. DataVolt vakillari, loyihaning bosh pudratchisi hamda boshqa pudratchi tashkilotlar mutaxassislari obyektda o‘rnatilgan va o‘rnatish jarayonida bo‘lgan muhandislik tizimlarini namoyish etdi.
Xususan, delegatsiyaga elektr ta’minoti, konditsionerlash va havo aylanishi, shuningdek, serverlarni suv yordamida sovitish tizimlariga oid uskunalarni o‘rnatish ishlari haqida ma’lumot berildi.
Tashrif yakunida pudratchi tashkilotlar vakillari loyihani belgilangan muddatlarda, yuqori sifat standartlariga muvofiq hamda xavfsizlik talablariga qat’iy rioya qilgan holda yakunlash maqsadida ishlar izchil davom ettirilayotganini ma’lum qildi.






