Toshkentda “PDP VISION 2030” taqdimoti bo‘lib o‘tdi
2025-02-28 14:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Toshkent shahridagi “Trilliant” biznes majmuasida O‘zbekiston IT sohasi kelajagiga bag‘ishlangan “PDP VISION 2030” taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Tadbir PDP EcoSystem tomonidan tashkil etilib, mamlakatda raqamli texnologiyalarni rivojlantirish va xalqaro mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan IT mutaxassislarini tayyorlash istiqbollari muhokama qilindi. Mazkur taqdimotda Raqamli texnologiyalar vazirligi vakillari, yirik biznes egalari, IT sohasi mutaxassislari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.
Tadbir davomida PDP EcoSystem asoschisi, tadbirkor Odilbek Mirzayev so‘zga chiqib, O‘zbekiston IT sanoatining jadal rivoji, raqamli ekotizimni mustahkamlash yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar hamda PDP EcoSystem doirasida rejalashtirilayotgan loyihalar haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, “PDP VISION 2030” strategiyasining asosiy yo‘nalishlari taqdim etildi. Jumladan, IT ta’limini rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va innovatsion dasturlarni ishga tushirish borasidagi tashabbuslar ommaga taqdim etildi.
Tadbirning eng muhim qismi sifatida PDP EcoSystem tomonidan yangi yo‘nalishlarning ishga tushirilishi e’lon qilindi. Bular:
PDP College – zamonaviy IT kasblariga tayyorlovchi innovatsion ta’lim maskani
PDP Invest – iznvestorlar tomonidan ta’limga sarmoya kiritish orqali daromad olish platformasi
PDP Synergy – biznes uchun IT yechimlar ishlab chiqish va IT xizmatlarini ko‘rsatish
PDP Elevator – yosh startaperlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan loyiha
Ushbu loyihalar IT ekotizimini mustahkamlash va O‘zbekistonda malakali mutaxassislar tayyorlash jarayonini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi. “PDP VISION 2030” taqdimoti O‘zbekistonning IT sohasi uchun yirik va muhim tadbir sifatida alohida ahamiyatga ega. Tadbir nafaqat yangi loyihalarni e’lon qilish, balki soha mutaxassislari va tadbirkorlari o‘rtasida samarali hamkorlik va keng miqyosdagi aloqalarni o‘rnatish imkonini berdi.
Ma’lumot uchun:
PDP EcoSystem – IT va zamonaviy texnologiyalarga ixtisoslashgan O‘zbekistonning yetakchi ta’lim platformasi bo‘lib, 2017-yilda asos solingan. Hozirda ekotizim tarkibida PDP Academy, PDP Online, PDP University, PDP Unicorn, PDP School hamda PDP Junior loyihalari faoliyat yuritmoqda.









