“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Boyovut va Guliston tumanlarida Raqamli texnologiyalari vazirligi tizimidagi tashkilotlar tomonidan ko‘chat ekish aksiyasi keng miqyosda o‘tkazilmoqda
2025-03-22 22:05:00 / Vazirlik yangiliklari

Tabiatni asrash, atrof-muhitni pokiza tutish bashariyat uchun hayot-mamot masalasi, kelajak avlod oldidagi dolzarb majburiyatdir. Yurtimiz bo‘ylab tashkil etilayotgan yashil hududlar, obod etilayotgan manzillar esa ana shu maqsad yo‘lidagi ezgu tashabbuslarning amaliy ifodasidir.
Mamlakatimizda 2025-yil “Atrof-muhitni asrash va „yashil“ iqtisodiyot yili” hamda yashil hududlarni muhofaza qilish hamda ularning maydonlarini kengaytirish, ushbu sohada mas’ul tashkilotlar faoliyatini yanada samarali tashkil etish maqsadida davlatimiz rahbari tashabbusi bilan “Yashil makon” umummilliy loyihasi davom etmoqda.
Ushbu loyiha doirasida Raqamli texnologiyalari vazirligi va IT Park tashabbusi bilan Boyovut tumanining Paxtakor va Muqumiy mahallalarida hamda Guliston tumanining Soyibobod mahallasi hududida ekologiyani yaxshilash, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, hosildor bog‘lar yaratish va hududdagi bioxilma-xillikni saqlab qolish maqsadida ommaviy ko‘chat ekish tadbiri o'tkazildi.
Vazirlik tomonidan mazkur mahallalar hududlarida bahor mavsumida 10 ming tup, kuz mavsumida esa yana 10 ming tup, jami 20 ming tup daraxt ko‘chatlari ekilishi rejalashtirilgan.
Tadbirda Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov ishtirok etib, bu kabi xayrli tadbirlar davomiy bo‘lishini bildirdi va barchani “Yashil makon” umummilliy loyihasida faol ishtirok etishga chorladi.
Mazkur tadbirda Boyovut tumani hokimligi,mahalla raislari, nuroniylar va faollar hamda Raqamli texnologiyalar vazirligi va vazirlik tizimidagi soha tashkilotlarining 300 nafardan ortiq xodimlari ishtirok etib, mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi.
Xayrli tashabbus doirasida joylarda daraxt ekish ishlari qizg‘in davom etmoqda.






