O‘zbekistonda kiberxavfsizlikka ixtisoslashgan “Cyber university” davlat universitetida “Moslashuv haftaligi” boshlandi
2025-09-03 17:20:00 / Vazirlik yangiliklari

Bugun, 3-sentabr kuni “Cyber university” talabalarini o‘quv jarayonlari bilan tanishtirish maqsadida “Moslashuv haftaligi” (Orientation week) ochilish tadbiri tashkil etildi.
“Cyber university” davlat universiteti O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 20-yanvardagi qaroriga muvofiq tashkil etilgan bo‘lib, uning asosiy maqsadi global mehnat bozorida kiberxavfsizlik sohasida raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlashdan iboratdir.
Ochilish marosimida Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov so‘zga chiqib, kiberxavfsizlikning milliy va xalqaro miqyosdagi strategik ahamiyatini alohida ta’kidladi.
“Bugun kiberxavfsizlik nafaqat O‘zbekiston, balki butun dunyo uchun strategik ahamiyat kasb etmoqda. “Cyber university” nafaqat yurtimiz uchun, balki mintaqa miqyosida ham yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashda muhim rol o‘ynashiga va kelajakda O‘zbekiston yoshlarini xalqaro maydonda raqobatbardosh mutaxassis sifatida shakllantirishda muhim oliygoh bo‘lishiga ishonamiz”, – dedi vazir Sh. Shermatov.
Shuningdek, Stanford universiteti Muhandislik fakulteti Global va onlayn ta’lim markazi hamda Xitoyning Xidian universiteti rahbariyati “Cyber university” talabalariga universitetning ilk o‘quv yili munosabati bilan tabrik yo‘llashdi va universitetning faoliyatiga muvaffaqiyat tilab, kelgusidagi hamkorliklarni yanada kengaytirishlarini bildirishdi.
Ma’lumot uchun: Stanford universiteti Muhandislik fakulteti Global va onlayn ta’lim markazi hamda Xidian universiteti bilan hamkorlik memorandumlari imzolangan edi.
“Cyber university” ta’lim jarayonini xalqaro standartlarga mos dasturlar asosida tashkil etadi. Mashg‘ulotlar o‘zbek va ingliz tillarida olib boriladi hamda CompTIA, CEH, OSCP kabi xalqaro sertifikatlarga tayyorlovni qamrab oladi. Shuningdek, nazariy bilimlar maxsus kiber-poligonda amaliy mashg‘ulotlar bilan mustahkamlanadi.
Universitet quyidagi yo‘nalishlarda kadrlar tayyorlaydi:
– Kiberxavfsizlik injiniringi (tizim va tarmoq xavfsizligi, IoT xavfsizligi);
– Kompyuter injiniringi (sun’iy intellekt);
– Dasturiy injiniring (amaliy matematika va algoritmlar);
– Yurisprudensiya (kiberhuquq, raqamli kriminalistika);
– Iqtisodiyot (raqamli iqtisodiyot);
– Menejment (kiberxavfsizlik menejmenti).
2025–2026 o‘quv yilida “Cyber university”ga 1 200 dan ortiq talaba qabul qilindi. Shundan 800 nafari kunduzgi bakalavriatga (100 nafari grant, 700 nafari kontrakt asosida), 390 nafari masofaviy ta’limga qabul qilindi, shuningdek, magistratura bo‘yicha 50 kvotadan 24 tasi band etildi.
Mazkur o‘quv yilida universitetga 16 mingdan ortiq abituriyent hujjat topshirgan bo‘lib, tanlovda o‘rtacha bitta o‘ringa 9 nafar abituriyent to‘g‘ri keldi.
“Cyber university” zamonaviy 17 qavatli talabalar turar joyi (806 o‘rin), sport majmualari, oshxona va yuqori texnologiyalarga ega ilmiy laboratoriyalar bilan ta’minlangan.






