“El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiatlari uchun Forum hamda soha faoliyati yarmarkasi o‘tkazildi
2025-09-11 09:20:00 / Vazirlik yangiliklari

Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda “El-yurt umidi” jamg‘armasi hamkorligida 2025-yilgi tanlov g‘olib stipendiatlari uchun Forum tashkil etildi.
Forumda mamlakatimizda raqamlashtirish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, ularni samarali davom ettirishda iqtidorli yoshlarning o‘rni hamda jamg‘arma va vazirlik o‘rtasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, stipendiatlarga xorijda o‘qish va yashash tartib-qoidalari, ta’limdan keyingi majburiyatlar haqida batafsil tushuntirish berildi. Ularni Vatanga sadoqatli, milliy qadriyatlarga hurmat bilan yondashuvchi, g‘oyaviy-siyosiy jihatdan yetuk va vatanparvar kadrlar sifatida tarbiyalash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv davomida Yangi O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatining mohiyati va maqsadlari, yoshlarning bu jarayondagi o‘rni ham keng yoritib berildi.
Bundan tashqari, stipendiatlarga Raqamli texnologiyalar vazirligi tizimidagi asosiy tashkilotlar faoliyati haqida batafsil ma’lumot berildi. Shu bilan birgalikda tizim tashkilotlari ishtirokida mehnat yarmarkasi tashkil etildi.
IT Park faoliyati taqdim etilib, mamlakatimizda startap ekotizimini shakllantirish, yoshlarning innovatsion g‘oyalari va loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, xalqaro AT-kompaniyalarni jalb etish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar haqida so‘z yuritildi. Shuningdek, rezidentlarga yaratilgan imtiyozlar va imkoniyatlar, AT sohasida eksport hajmini oshirishga qaratilgan sa’y-harakatlar ta’kidlandi.
Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi faoliyati yoritilib, davlat xizmatlarini aholiga tezkor, qulay va shaffof shaklda ko‘rsatishni ta’minlash, elektron hukumat tizimini joriy etish va rivojlantirish, raqamli transformatsiya loyihalarini samarali boshqarish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar tanishtirildi.
Bundan tashqari, UZINFOCOM faoliyati haqida ma’lumot berildi. Tizimning milliy axborot xavfsizligini ta’minlash, davlat organlarining AT-infratuzilmasini rivojlantirish, yagona davlat ma’lumotlar bazalarini shakllantirish hamda ulardan samarali foydalanishni tashkil etishdagi o‘rni alohida ta’kidlandi.
Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi faoliyati doirasida esa O‘zbekistonning kosmik sohadagi dastlabki qadamlar, sun’iy yo‘ldoshlar loyihalari, xalqaro hamkorlikdagi ilmiy izlanishlar, shuningdek, yoshlarni ushbu istiqbolli soha bo‘yicha tayyorlashga qaratilgan tashabbuslar haqida so‘z yuritildi.
Raqamli ta’limni rivojlantirish markazi faoliyatiga bag‘ishlangan taqdimotda esa zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda ta’lim jarayonini modernizatsiya qilish, masofaviy ta’limni kengaytirish, o‘quv jarayonida elektron platforma va resurslardan foydalanish, shuningdek, yoshlarni AT-ko‘nikmalar bilan qurollantirish borasida amalga oshirilayotgan loyihalar haqida ma’lumot berildi.
Uchrashuv yakunida stipendiatlar uchun vazirlik va tizim tashkilotlarida mehnat yarmarkasi tashkil etildi.









