audio

    IT Park Uzbekistan hududida DATAVOLT kompaniyasi Ma’lumotlar markazini qurish loyihasining dastlabki bosqichiga start berildi

    O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirokida uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi bo‘lib o‘tdi. Ushbu xalqaro investitsiya forumi doirasida Prezident tomonidan bir necha obektlar, jumladan, IT Park Uzbekistan hududida Saudiya Arabistonining DATAVOLT kompaniyasi Ma’lumotlar markazini qurish loyihasining dastlabki bosqichiga start berildi.

    Ta’kidlash lozimki, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy maqsadlaridan biri mamlakatimizni dunyoning iqtisodiy rivojlangan davlatlar qatoriga kiritishdir. Bunda alohida e’tibor ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini davlat va jamiyatning barcha sohalariga keng tatbiq etishga qaratilgan. 

     “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida raqamlashtirish sohasida 3 ta asosiy maqsadlar belgilangan.

    2030-yilgacha BMT Elektron hukumat reytingida O‘zbekistonni dunyoning TOP-30 ilg‘or mamlakatlari safiga kiritish, IT-xizmatlar va dasturiy mahsulotlar eksportini 2030-yilga qadar 5 mlrd. dollarga yetkazish, IT sohasida yuqori daromadli ishlarda ishlayotgan yoshlar sonini 300 mingga yetkazish belgilangan.

    O‘zbekiston AKT sohasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mamlakatda raqamli iqtisodiyotni shakllantirish maqsadida kerakli infratuzilma yaratilgan. Hozirgi vaqtda uning yanada rivojlanishiga yirik sarmoyalar kiritilyapti. 

    Bunga misol qilib aytishimiz mumkunki, oxirgi 7 yilda raqamli infratuzilmani rivojlantirish uchun 2,2 mlrd. dollari jalb etilib, shundan 51 foizi (1,1 mlrd. dollari) to‘g‘ridan to‘g‘ri chet el investitsiyalariga to‘g‘ri keldi.

    Ushbu ishlarni tizimli amalga oshirish maqsadida, Toshkent shahrida bo‘lib o‘tayotgan III Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida Saudiya Arabistonining DATAVOLT kompaniyasi bilan hamkorlikda “Yashil” Ma’lumotlar markazi qurilishining birinchi bosqichiga start berildi.

    Xorijiy hamkor tomonidan loyihani amalga oshirish uchun 2030-yilgacha bosqichma-bosqich 5 mlrd AQSH dollari sarmoya kiritilishi maqsad qilingan.

    Dastlabki bosqich doirasida Toshkent shahrining IT Park Uzbekistan hududida yashil energiya asosida faoliyat yuritadigan umumiy quvvati 10 MVt va qiymati 150 mln AQSH dollariga teng bo‘lgan Ma’lumotlar markazi barpo etiladi.

    Loyihaning ikkinchi bosqich doirasida quvvati 250 MVtgacha bo‘lgan Ma’lumotlar markazi “Yangi Toshkent” hududining 25 gektar yer maydonida amalga oshiriladi.

    Shuningdek, uchinchi bosqichda dastlabki quvvati 40 MVt va kelgusida 250 MVtgacha oshirish imkoniyatiga ega loyiha Buxoro viloyatida taklif etilgan 25 gektar yer maydonida qurish maqsad qilingan.

    Markazlarni qurish 100 foiz to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hisobidan amalga oshiriladi. 

    DATAVOLT kompaniyasi loyihani moliyalashtirish uchun o‘z mablag‘lari va xalqaro moliya institutlari kreditlarini jalb qilishni rejalashtirgan. Bunda davlat kafolati talab etilmaydi.

    Loyiha ishga tushirilgandan so‘ng Ma’lumotlar markaziga DATAVOLT kompaniyasi tomonidan yirik xorijiy IT kompaniyalar jalb etilishi va ularga yashil texnologiya asosidagi infratuzilma ijarasi va boshqa xizmatlar taqdim etilishi ko‘zda tutilgan.

    Ta’kidlash lozimki, mazkur loyiha yashil energiya asosida ishlovchi dunyodagi ilk loyiha bo‘lishi kutilmoqda.


    • view_icon 1008
    : 2024-05-03 19:52:17