IT Park Uzbekistan

IT Park Uzbekistan: Faoliyat yo‘nalishlari va asosiy ko‘rsatkichlar
1. Umumiy ma’lumot va ustuvor yo‘nalishlar “Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki direksiyasi” MChJ (keyingi o‘rinlarda — IT-Park) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi bilan 2019-yilda tashkil etilgan. IT-Parkning asosiy vazifasi mamlakatda axborot texnologiyalari sohasini rivojlantirish uchun qulay huquqiy, iqtisodiy va infratuzilmaviy muhit yaratish, eksportga yo‘naltirilgan kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlash, xorijiy investorlarni jalb etish, startaplarni xalqaro bozorlarga olib chiqish hamda yuqori malakali kadrlar tayyorlashdan iborat.
IT-Park faoliyati to‘rtta ustuvor yo‘nalishni qamrab oladi:
-
IT eksporti va autsorsingni rivojlantirish — mahalliy kompaniyalarning tashqi bozorlarga chiqishini qo‘llab-quvvatlash, xorijiy IT, BPO va KPO kompaniyalarini O‘zbekistonga jalb etish;
-
Startap ekotizimini qo‘llab-quvvatlash — istiqbolli loyihalarni inkubatsiya va akseleratsiya dasturlari orqali rivojlantirish, ularning investitsion tayyorgarligini oshirish va venchur kapitalga kirishini kengaytirish;
-
IT-ta’limini ommalashtirish — yoshlar va aholining boshqa qatlamlari uchun zamonaviy raqamli kasblarni o‘rganish imkoniyatlarini yaratish, mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan mutaxassislar zaxirasini shakllantirish;
-
Hududiy infratuzilmani rivojlantirish — respublikaning barcha hududlarida 14 ta IT-Park filiallari, o‘quv markazlari, inkubatsiya maydonlari va texnologik infratuzilmani kengaytirish.
2. Rezidentlar ekotizimi va iqtisodiy samaradorlik IT-Park ekotizimining rivojlanishi rezident kompaniyalar soni va ularning iqtisodiy ko‘rsatkichlaridagi o‘sishda yaqqol namoyon bo‘lmoqda:
-
Rezident kompaniyalar soni: Bazaviy ko‘rsatkich sifatida olingan 2017-yilda ekotizimda 147 ta kompaniya faoliyat yuritgan bo‘lsa, hozirgi kunga kelib IT-Park rezidentlari soni 4 200 tadan oshdi (2017-yilga nisbatan qariyb 28 baravar o‘sish). Rezident kompaniyalar tomonidan 60 000 dan ortiq mutaxassislar ish bilan ta'minlangan.
-
Xorijiy kapital ishtirokidagi kompaniyalar: 2017-yilda bunday kompaniyalar soni atigi 4 tani tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilda ularning soni 1 200 tadan oshib, 300 baravarlik o‘sish qayd etildi.
-
Daromadlar dinamikasi: Rezident kompaniyalarning jami daromadi 2017-yildagi 22 million AQSh dollaridan 2025-yil yakuniga kelib 2,8 milliard AQSh dollariga yetib, 127 baravar oshdi.
3. IT eksporti va xalqaro vakolatxonalar O‘zbekistonning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari eksporti va xalqaro geografiyasi izchil kengayib bormoqda. Eksport qiluvchi kompaniyalar soni 1 200 tadan oshdi.
-
Eksport geografiyasi: Mahsulot va xizmatlarning 54% qismi Shimoliy Amerikaga, 22% qismi APAC va MDH davlatlariga, 16% qismi Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniyaga, 8% qismi esa MENA mintaqasiga yetkazib berilmoqda.
-
Eksport portfelining tarkibi: 45% — IT xizmatlari; 35% — BPO va KPO xizmatlari; 12% — kreativ industriya va GameDev; 8% — SaaS.
-
Xalqaro vakolatxonalar: Xorijiy investorlar, texnologik kompaniyalar va buyurtmachilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlash, yangi eksport buyurtmalarini shakllantirish hamda xorijiy texnologik biznesni O‘zbekistonga jalb etish maqsadida 6 ta xorijiy vakolatxona — Los-Anjeles, Berlin, Seul, Ar-Riyod, Tokio va Shanxay shaharlarida faoliyat yuritmoqda.
4. Startap ekotizimi va venchur investitsiyalar Startap va venchur kapital bozori O‘zbekiston raqamli iqtisodiyotining eng tez rivojlanayotgan segmentlaridan biriga aylandi:
-
Xalqaro reytinglar: StartupBlink Global Startup Ecosystem Index reytingida O‘zbekiston o‘sish sur’ati bo‘yicha dunyoda 1-o‘rinni egalladi va "2026-yil mamlakati" (Country of the Year-2026) deb e'tirof etildi.
-
Ekotizim qiymati: 2026-yilgi xalqaro tahlillarga (Dealroom) ko‘ra, O‘zbekiston startap ekotizimining umumiy qiymati 4,3 milliard AQSh dollariga yetdi. Mamlakatda 1 600 dan ortiq startaplar va qiymati 1 milliard dollardan yuqori bo‘lgan 2 ta “yunikorn” texnologik kompaniya — “Uzum” va “TBC Bank Uzbekistan” faoliyat yuritmoqda.
-
Xalqaro investitsiyalar: Ekotizimning jadal rivojlanishi yirik xalqaro bitimlarda ham o'z aksini topmoqda, jumladan, Datatruck (95mln),TassVision(12 mln) va Domino (€1,3 mln) kabi loyihalarga yirik sarmoyalar jalb qilindi.
5. Huquqiy maqom va rasmiy xizmat ko‘rsatish portallari O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi muassisligidagi "DASTURIY MAHSULOTLAR VA AXBOROT TEXNOLOGIYALARI TEXNOLOGIK PARKI DIREKSIYASI" MChJ (IT Park Uzbekistan) — O‘zbekiston Respublikasida IT-kompaniyalarni ro‘yxatdan o‘tkazish, ularga rezident maqomini taqdim etish hamda xorijiy texnologik kompaniyalarni relokatsiya qilish bo‘yicha vazirlikning rasmiy vakolatli davlat operatori hisoblanadi.
Tashkilotning rasmiy davlat portallari:
-
it-park.uz — IT Park Uzbekistan asosiy axborot portali;
-
my.it-park.uz — IT-kompaniyalarni ro‘yxatdan o‘tkazish va rezidentlik arizalarini qabul qilish yagona portali;
-
outsource.gov.uz — Xalqaro IT va BPO autsorsing xizmatlari hamda xorijiy investorlarni jalb qilish davlat portali;
-
it-relocation.uz — Xorijiy IT-kompaniyalar va mutaxassislarni O‘zbekistonga relokatsiya qilish rasmiy platformasi.
