audio

    Yetakchi banklar rahbarlari bilan venchur va startap ekotizimini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va tizimli ravishda startaplar asoschilari bilan uchrashuvlar o‘tkazib borish kelishildi

    Bugun, 8-may kuni Raqamli texnologiyalar vazirligida O‘zbekistonning yetakchi banklari ishtirokida tadbir bo‘lib o‘tdi.

    Unda Prezidentning iqtisodiyot sohalarini rivojlantirish, investitsiya va tashqi savdo siyosatini amalga oshirish masalalari bo‘yicha maslahatchisining birinchi o‘rinbosari Timur Ishmetov hamda Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov, shuningdek, O‘zbekistonning yetakchi banklari rahbar-xodimlari ishtirok etdi. 

    Uchrashuvdan ko‘zlangan maqsad – bank sektorini O‘zbekistonda venchur va startap ekotizimining rivojlanish dinamikasi bilan tanishtirishdan iborat edi.

    Uchrashuvda “AloqaVentures” va IT Park vakillari startap ekotizimini rivojlantirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida ma'lumotlar berilib, venchur investitsiya tamoyillari va startap loyihalar banklarga qanday foyda keltirishi haqida so‘z yuritildi. Shuningdek, bank sohasiga innovatsion mahsulotlarni joriy etish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

    Ma’lumot uchun: “AloqaVentures” venchur fondi 2021-yilda “Aloqabank” aksiyadorlik-tijorat banki tomonidan innovatsion va istiqbolli startap loyihalarga sarmoya kiritish maqsadida tashkil etilgan. Fond faoliyati kompaniyalar, startap loyihalar va ularning hamkorlari bilan birgalikda zamonaviy texnologik yechimlarni yaratish, global muvaffaqiyatlarga erishish, raqamli transformatsiyalar peshqadamiga aylanishga qaratilgan.

    Shuningdek, uchrashuv davomida mehmonlarga IT Park faoliyati, rezident kompaniyalar uchun yaratilgan imkoniyatlar, IT eksportini yanada oshirish borasida qilanayotgan ishlar xususida ma’lumotlar berildi. Bundan tashqari, Yagona integrator – UZINFOCOM faoliyati bilan yaqindan tanishtirildi.

    Kelgusi haftadan boshlab mamlakatimizning yirik banklari ishtirokida istiqbolli startap loyihalari bilan tanishish maqsadida navbatdagi uchrashuvlar tashkil etiladi. Bundan tashqari, investitsiyalarni jalb qilish va mahsulotlarni bank tuzilmasiga integratsiyalash imkoniyatlarini muhokama qilish rejalashtirilgan.

    Ushbu uchrashuvlarda qatnashishni xohlovchi startapchilar quyidagi havola orqali roʻyxatdan oʻtishlari mumkin: https://forms.office.com/r/9QjRfiaWPE 

    Startap loyihalar saralab olingandan so‘ng qo‘shimcha ma’lumot olish maqsadida mas’ullar siz bilan bog‘lanishadi.


    • view_icon 561
    : 2024-05-10 11:13:13