Future Tech 2026: Qorako‘lda yoshlar ideatoni natijalari
2026-04-08 11:55:00 / Vazirlik yangiliklari

Ideaton 7-aprel kuni ixtisoslashtirilgan maktabda tashkil etilib, o‘nlab yosh startaperlarni birlashtirdi. 12 soat davomida ular g‘oyadan tayyor loyiha va hakamlar hay’ati oldidagi taqdimotgacha bo‘lgan bosqichlarni bosib o‘tdi.
Tadbirning birinchi qismida ishtirokchilar startap asoslari, muammoni aniqlash, qiymat taklifini shakllantirish hamda pitch tayyorlash bo‘yicha treninglarda qatnashdi. Shundan so‘ng jamoalar amaliy ishga kirishib, mintaqa uchun dolzarb bo‘lgan ekologiya, suv resurslari va ta’lim yo‘nalishlarida yechimlar ishlab chiqdi.
Mentorlar ko‘magida ishtirokchilar biznes modellarini shakllantirib, taqdimotlarini tayyorladi. Kunning ikkinchi yarmida jamoalar o‘z loyihalarini hakamlar hay’atiga taqdim etdi. Har bir jamoaga taqdimot uchun 5 daqiqa, savol-javob jarayoni uchun esa 3 daqiqa vaqt ajratildi.
Tadbir yakunida eng istiqbolli loyihalar saralab olindi. G‘olib jamoalar sertifikatlar bilan taqdirlanib, tuman hokimligi tomonidan sovg‘alar topshirildi. Shuningdek, ular IT Park Buxoro viloyati filiali inkubatsiya dasturida ishtirok etish uchun tavsiya qilindi. Ideaton doirasida 30 jamoa orasidan 15 tasi saralab olindi. Ular orasida Peak Mentor, Career DNA, Eco Box, Eternal Focus va Sci Art loyihalari alohida e’tirof etildi.
Bunday tadbirlar IT Park Uzbekistan uchun iqtidorli yoshlarni aniqlash, o‘quvchilarda tadbirkorlik tafakkurini rivojlantirish hamda kelajakda texnopark ekotizimiga qo‘shilishi mumkin bo‘lgan yangi startaplar oqimini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
