Toshkentda tadbirkor ayollar uchun tashkil etilgan trening dasturi muvaffaqiyatli yakunlandi
2026-04-11 11:05:00 / Vazirlik yangiliklari

Joriy yilning 8–10-aprel kunlari Toshkent shahridagi IT Park majmuasida “Ayollar uchun AKT imkoniyatlari tashabbusi” (Women ICT Frontier Initiative – WIFI DX) doirasida xotin-qiz tadbirkorlarning imkoniyatlarini raqamli transformatsiya orqali kengaytirishga qaratilgan “Tadbirkorlar uchun trening” (Training of Entrepreneurs) dasturi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirning ochilish marosimida Raqamli texnologiyalar vaziri maslahatchisi Kamola Sobirova so‘zga chiqib, xotin-qizlarning IT sohasidagi o‘rni va ularning iqtisodiy o‘sishdagi ahamiyatiga alohida to'xtalib o'tdi:
"Bugungi kunda xotin-qizlarning raqamli iqtisodiyotdagi ishtirokini ta'minlash nafaqat ijtimoiy tenglik masalasi, balki mamlakatimiz taraqqiyotining muhim drayverlaridan biridir. Ushbu trening orqali olingan innovatsion bilimlar kelgusida yuzlab ayollarimiz uchun yangi biznes imkoniyatlari eshigini ochadi va hududlarda yetakchi ayol-trenerlar qatlamini shakllantiradi", – dedi vazir maslahatchisi.
Shuningdek, ochilish sessiyasida "Women in Tech Uzbekistan" direktori Anna Ambrozevich va BMTning Osiyo va Tinch okeani uchun Iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi UNESCAP huzuridagi APCICT markazi direktori janob Kiyoung Ko ishtirok etib, dasturning ahamiyati haqida o'z fikrlarini bildirishdi.
BMTning Osiyo va Tinch okeani uchun Iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi (UNESCAP) huzuridagi APCICT markazi, "Women in Tech Uzbekistan" hamda Raqamli texnologiyalar vazirligi hamkorligida tashkil etilgan mazkur dastur doirasida xalqaro ekspertlar – Ayren Boy (Irene Boey) va YS Koh tomonidan quyidagi yo'nalishlarda qator amaliy master-klasslar va sessiyalar o‘tkazildi:
- Biznes innovatsiyalar va raqamli transformatsiya: Xotin-qizlar tadbirkorligida raqamli sayohatni boshlash bo'yicha fundamental bilimlar;
- Raqamli marketing: SMM, elektron pochta marketingi, SEO, shuningdek, marketing kelajagini shakllantiruvchi sun'iy intellekt (AI) va avtomatlashtirish texnologiyalari;
- Ma'lumotlar tahlili (Data Analytics): Biznesda qaror qabul qilishni yaxshilash uchun tasviriy, diagnostik, bashoratlovchi va ko'rsatuvchi tahlil turlari (descriptive, diagnostic, predictive, prescriptive);
- Elektron tijorat (E-Commerce): Onlayn do'konni boshqarish, inventarizatsiyadan tortib mijozlarga xizmat ko'rsatishgacha bo'lgan jarayonlar;
- Tadbirkorlar uchun sun'iy intellekt (AI for entrepreneurs).
O‘zbekiston o‘zining raqamli islohotlarini jadal sur’atlarda rivojlantirayotgan bir davrda, WIFI DX tashabbusi davlat milliy strategiyasini fuqarolar uchun amaliy natijalarga aylantirib beruvchi muhim qadam bo‘ldi. Dastur so'nggida ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi. Ushbu bitiruvchilar endilikda jamiyat bo‘ylab aholining raqamli ko‘nikmalarini rivojlantiruvchi malakali trenerlar sifatida o'z faoliyatlarini davom ettiradilar.






