Polsha bilan raqamli transformatsiya sohasida hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish masalalari muhokama qilindi
2026-04-20 16:25:00 / Vazirlik yangiliklari

Dastlab delegatsiyaga Raqamli texnologiyalar vazirligi va IT Park Uzbekistan faoliyati yuzasidan taqdimot o‘tkazilib, mamlakatda axborot texnologiyalari sohasini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar, rezidentlar uchun yaratilgan sharoitlar, soliq va infratuzilmaviy imtiyozlar, eksportbop AT xizmatlarini kengaytirish borasidagi ishlar hamda startap ekotizimini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Shuningdek, tashrif doirasida AT mutaxassislarini tayyorlashga ixtisoslashgan Ustudy IT akademiyasi faoliyati hamda Yagona integrator UZINFOCOM da amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishtirildi.
Shundan so‘ng Raqamli texnologiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Oleg Pekos bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot davomida tomonlar axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida hamkorlikni kengaytirish, talabalar va yosh mutaxassislar uchun yangi imkoniyatlar yaratish masalalarini muhokama qildilar.
Tomonlar startaplar va innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, biznes aloqalarni rivojlantirish hamda ushbu yo‘nalishda qo‘shma ishchi guruh tashkil etish yuzasidan kelishuvga erishdilar.
Uchrashuvda Polshada 3000 dan ortiq raqamli xizmatlar mavjud ekani, shuningdek, O‘zbekistondagi my.gov.uz platformasiga o‘xshash tizimlar joriy etilgani qayd etildi.
Delegatsiya vakillari O‘zbekistonda qisqa muddat ichida amalga oshirilgan raqamli transformatsiya jarayonlarini yuqori baholab, mamlakatda yaratilgan zamonaviy AT ekotizim alohida e’tirofga loyiq ekanini ta’kidladilar.
Mazkur uchrashuv O‘zbekiston va Polsha o‘rtasida raqamli transformatsiya, kiberxavfsizlik va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.









