Raqamli ta’lim hamda AT-kadrlar tayyorlash bo‘yicha hamkorlik masalalari yanada kengaymoqda
2026-04-21 19:25:00 / Vazirlik yangiliklari

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov hamda USM Holding direktorlar kengashi raisi Xachatur Pombuxchan o‘rtasida telekommunikatsiya infratuzilmasini yanada rivojlantirish, aloqa xizmatlari sifatini oshirish hamda aholini barqaror va yuqori tezlikdagi tarmoq bilan ta’minlash, shuningdek, AT sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash masalalari yuzasidan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralar davomida mavjud tarmoqlarni modernizatsiya qilish, qamrovni kengaytirish, xizmatlar barqarorligini ta’minlash va foydalanuvchilar uchun qulay hamda uzluksiz aloqa muhitini shakllantirish yo‘nalishlari muhokama qilindi. Shuningdek, ushbu ustuvor vazifalarni izchil amalga oshirish yuzasidan tegishli yondashuvlar belgilab olindi.
Shu bilan bir qatorda, uchrashuv doirasida Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Ucell savdo belgisi ostida faoliyat yurituvchi “COSCOM” MChJ o‘rtasida raqamli ta’limni rivojlantirish va axborot texnologiyalari sohasida kadrlar tayyorlashni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan Anglashuv memorandumi imzolandi.
Mazkur hamkorlik mamlakatda raqamli texnologiyalar sohasida ta’lim muhitini tizimli rivojlantirish, zamonaviy o‘quv dasturlarini joriy etish hamda yoshlarning amaliy ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan bo‘lib, unda ta’lim jarayoniga ilg‘or axborot texnologiyalarida yechimlarni tatbiq etish, o‘qituvchilar malakasini oshirish hamda yoshlarni zamonaviy kasblarga yo‘naltirish masalalariga alohida e’tibor qaratiladi.
Shuningdek, hamkorlik doirasida ta’lim va texnologiya sohalari o‘rtasida barqaror ekotizimni shakllantirish, xalqaro va milliy loyihalarda ishtirokni kengaytirish, xakatonlar, olimpiadalar va sohaviy forumlar tashkil etish rejalashtirilgan.
Uchrashuvda ta’kidlanganidek, mazkur hamkorlik yoshlarning AT sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish, ularni global mehnat bozoriga tayyorlash hamda mamlakatda yuqori malakali mutaxassislar zaxirasini shakllantirishga xizmat qiladi.





