Toshkentda «Central Asia 2026 GCCM» xalqaro forumi o‘z ishini boshladi
2026-04-23 12:05:00 / Vazirlik yangiliklari

Mazkur nufuzli anjuman dunyoning 75 ta mamlakatidan tashrif buyurgan 300 dan ortiq soha ekspertlari, yirik telekommunikatsiya kompaniyalari va xalqaro tashkilotlar vakillarini bir maydonga jamladi.
Forum doirasida O‘zbekistonning mintaqaviy raqamli xabga aylanish strategiyasiga mos keluvchi bir qator ustuvor yo‘nalishlar muhokama qilinmoqda. Xususan, transchegaraviy magistral tarmoqlarni kengaytirish orqali tranzit salohiyatini oshirish, ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari va bulutli texnologiyalarni rivojlantirish, shuningdek global tarmoqlarda kiberxavfsizlikni ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shuningdek, forum doirasida China Mobile, Deutsche Telekom, ZTE, Kazakhtelecom kabi yetakchi xalqaro kompaniyalar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish, yangi raqamli loyihalarni amalga oshirish va investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha muzokaralar olib borilishi rejalashtirilgan.
Ma’lumot uchun, "Carrier Community" tomonidan tashkil etiladigan ushbu xalqaro platforma 2008-yildan buyon mobil va statsionar aloqa operatorlari o‘rtasida samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va yagona biznes ekotizimini shakllantirishga xizmat qilib kelmoqda.
Mazkur forumning Toshkent shahrida o‘tkazilishi O‘zbekistonning xalqaro telekommunikatsiya bozoridagi nufuzini yanada mustahkamlash, shuningdek mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biridir.






