Kasb bayrami munosabati bilan Raqamli texnologiyalar vazirligi va tizim tashkilotlari xodimlari taqdirlandi
2026-05-07 21:25:00 / Vazirlik yangiliklari

Bugun, 7-may – O‘zbekiston Respublikasi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasi xodimlari kuni munosabati bilan Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda tizimdagi tashkilotlar xodimlarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirdan avval vazirlik va tizim tashkilotlari xodimlariga Islom sivilizatsiya markaziga ekskursiya tashkil etildi.
Dastlab taqdirlash marosimida sohaning rivojlanishiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan, raqamli transformatsiya jarayonlarida faol ishtirok etayotgan yetakchi mutaxassislar, rahbar-xodimlar hamda fidoyi aloqachilar munosib e’tirof etildi.
Xususan, Raqamli texnologiyalar vazirligi va tizimida faoliyat yuritayotgan agentlik, inspeksiya, kompaniya va jamiyatlar, korxona va tashkilotlar ilg‘or xodimlariga “Mohir aloqachi” faxriy unvoni, “O‘z kasbining ustasi” ko‘krak nishoni hamda “Faxriy yorliq”lar topshirildi. Shu bilan birga, Vazirlik bilan yaqindan hamkorlik qilib kelayotgan boshqa soha vazirliklari xodimlari va mutaxassislarining samarali mehnatlarini rag‘batlantirish maqsadida ularga ham “Mohir aloqachi” faxriy unvoni, “O‘z kasbining ustasi” ko‘krak nishoni hamda “Faxriy yorliq”lar topshirildi. Shuningdek, uzoq yillar samarali faoliyat yuritgan mehnat faxriylariga alohida e’tibor qaratilib, vazirlikning esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
Tadbir davomida vazirlik rahbariyati soha xodimlarini kasb bayrami bilan qutlab, ularning mamlakatimizda raqamli infratuzilmani rivojlantirish, zamonaviy xizmatlarni keng joriy etish hamda innovatsion iqtisodiyotni shakllantirishdagi muhim o‘rnini ta’kidlab o‘tdi.
Ta’kidlash joizki, bugungi kunda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari iqtisodiy o‘sish, davlat boshqaruvi samaradorligi hamda aholining turmush sifatini oshirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda. Ushbu yo‘nalishda erishilayotgan natijalar esa, avvalo, sohaga fidoyilik bilan xizmat qilayotgan mutaxassislarning mehnati bilan chambarchas bog‘liqdir.









