O‘zbekistonning ilk milliy fazogiri va ilmiy sun’iy yo‘ldoshi loyihalari yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi
2026-05-14 07:55:00 / Vazirlik yangiliklari

Tadbir davomida so‘nggi yillarda kosmik sohada muhim huquqiy asoslar yaratilgani, jumladan, “Kosmik faoliyat to‘g‘risida”gi Qonun hamda aerokosmik ma’lumotlardan foydalanishni kengaytirishga qaratilgan Prezident farmoni qabul qilingani ta’kidlandi. Ushbu hujjatlar kosmik texnologiyalarni iqtisodiyot tarmoqlariga joriy etish va ilmiy salohiyatni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shuningdek, davlat kosmik monitoring tizimi orqali qishloq xo‘jaligi, ekologiya, suv resurslari va yashil hududlarni monitoring qilish bo‘yicha ilg‘or yechimlar joriy etilgani qayd etildi. Xususan, sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari asosida dala yong‘inlarini aniqlash tizimi orqali takroriy yoqish holatlari 94 foizga kamaygani ma’lum qilindi.
Matbuot anjumanida O‘zbekistonning birinchi milliy fazogirini tayyorlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar, xalqaro hamkorlik istiqbollari hamda milliy ilmiy sun’iy yo‘ldoshni yaratish loyihasi haqida ham ma’lumot berildi. Ta’kidlanishicha, mazkur tashabbuslar mamlakatimizning ilmiy-texnologik salohiyatini oshirish, yoshlarning kosmik texnologiyalar va muhandislik sohalariga qiziqishini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, “Cosmic Camp”, “CanSat”, “NASA Space Apps Challenge”, “Yosh muhandis” kabi loyihalar orqali minglab yoshlar kosmik texnologiyalar, robototexnika va innovatsion muhandislik yo‘nalishlariga jalb etilayotgani alohida qayd etildi.







