Toshkent ilk bor Global Tech Weekend xalqaro texnologik festivaliga mezbonlik qilmoqda
2026-05-15 19:35:00 / Vazirlik yangiliklari

Festivalda 120 nafardan ziyod mahalliy va xalqaro spikerlar, minglab startapchilar, investorlar, muhandislar hamda texnologik g‘oyalar ustida ishlayotgan yoshlar ishtirok etmoqda.
Bugun, 15-may kuni tadbirning rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Raqamli texnologiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari A. Sultonov ishtirok etib, O‘zbekistonda innovatsion ekotizimni rivojlantirish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida to‘xtaldi.
Tadbir doirasida qator mavzuli sessiyalar tashkil etildi. Xususan, Andreessen Horowitz (a16z) startap skauti Yasin Ehsan “Bugun YC va a16z asoschilarda nimani qidirmoqda va bunga qanday erishish mumkin?” mavzusida ma’ruza qildi. Shuningdek, XFounders Accelerator vakili Sasha Skurixin global venchur kapital bozoridagi o‘zgarishlar haqida fikr bildirdi.
Birinchi kun dasturidan festivalning asosiy panel sessiyalari ham o‘rin oldi. “Monetizatsiyadan ekotizimgacha: UGC platformalar qanday qilib to‘liq biznes modelga aylanmoqda?” mavzusidagi muhokamada Tobin Ayrlend hamda Azamat Rahmonzoda ishtirok etdi.
Festivalning ikkinchi kuni 16-mayda startaplar, sun’iy intellekt va biznes transformatsiyasi mavzulariga bag‘ishlangan sessiyalar o‘tkaziladi. Ularda Etan Pirs, Audun Abelsnes, Olga Potapseva, Nika Koxodze, Nika Abashidze kabi xalqaro ekspertlar qatnashishi rejalashtirilgan.
17-may kuni esa festival yoshlar va startap ekotizimiga bag‘ishlangan tadbirlar bilan davom etadi. Demo Day, VC Mixer, mentorlik uchrashuvlari hamda investorlar ishtirokidagi yopiq networking formatlari tashkil etiladi.
Shuningdek, mentorship booth’lar doirasida ishtirokchilar xalqaro investorlar, akseleratorlar va biznes ekspertlaridan bevosita tavsiyalar olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
IT Park Uzbekistan hamkorligida tashkil etilayotgan Global Tech Weekend festivali O‘zbekistonning xalqaro texnologik va innovatsion markaz sifatidagi nufuzini mustahkamlash, startap ekotizimini rivojlantirish hamda mahalliy loyihalarni global bozorlarga olib chiqishga xizmat qiladi.









