Qoraqalpog‘iston Respublikasi Chimboy tumanida “IT shaharcha” qurilishiga start berildi
2024-07-19 15:20:00 / Vazirlik yangiliklari

Joriy yilning 15-may kuni O‘zbekiston Prezidentining “Hududlarda yoshlarga raqamlashtirish va xorijiy tillarni o‘rganish uchun qo‘shimcha sharoitlarni yaratishga qaratilgan “IT-shaharcha”lar faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan edi.
Shu maqsadda, bugun, 19-iyul kuni Qoraqalpog’iston Respublikasi Chimboy tumanining Kenes qishlog‘ida “IT shaharcha” loyihasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, ushbu hududda tashkil etilishi rejalashtirilgan “IT shaharcha” qurilishiga start berildi.
Unda Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov, Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi o‘rinbosari Bayram Otemuratov va Chimboy tumani hokimi Aybek Tajyetdinovlar ishtirok etdi.
“IT shaharcha” loyihasida tumandagi yoshlar IT, chet tili va boshqa zamonaviy kasblar bo‘yicha bepul o‘qitiladi.
Shuningdek, “IT shaharcha” hududda yoshlar o‘z kasbini topishi, rivojlanishi va atrof-muhit bilan uyg‘unlikda yashash orqali jamiyatga o‘z hissasi qo‘shishi, IT sohasini yanada rivojlantirishi uchun noyob makon bo‘lishi ko‘zda tutilgan.
Ma'lumot uchun, joriy yil may oyida Toshkent viloyati Parkent tumanining Samsarak qishlog‘ida “IT shaharcha” qurilishiga start berilgan edi.






