“Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi va Senatga yuborildi
2026-06-02 19:55:00 / Vazirlik yangiliklari

Majlisda “Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi.
Ushbu qonun loyihasi bilan Markaz hududida maxsus huquqiy rejimni yaratish, xususan, ro‘yxatga olish, litsenziyalash va tadbirkorlik tartib-taomillarini soddalashtirish, tijorat operatsiyalarini tartibga solishda xalqaro standartlarni qo‘llash nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, moslashuvchan soliq va bojxona rejimini joriy etish, jumladan, 2100-yilgacha bo‘lgan muddatga ayrim faoliyat turlari bo‘yicha soliqlardan ozod qilish, asbob-uskunalar, texnologiyalar va materiallarni olib kirishning soddalashtirilgan tartibini joriy etish taklif etilyapti.
Konstitutsiyaviy qonun loyihasiga ko‘ra, Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi faoliyati O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga asoslangan maxsus qonunchilik bilan birga Angliya va Uels umumiy huquqining elementlariga hamda yetakchi xalqaro moliya markazlarining standartlariga asoslangan normativ-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solinadi.
Qonun loyihasida Markaz ishtirokchilarini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini, jumladan ro‘yxatga olish va boshqarish uchun yagona darcha tashkil etish, intellektual mulk va investitsiyalarni himoya qilish kafolatlarini joriy etish, davlat organlari bilan o‘zaro hamkorlik yo‘nalishlarini belgilash nazarda tutilmoqda.
Qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida bir qator aniqlashtiruvchi o‘zgartirishlar kiritildi. Unga ko‘ra, Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi hududida axborot xavfsizligini yanada kuchaytirish maqsadida bulutli texnologiyalardan foydalanishda ma’lumotlarning xavfsizligi, yaxlitligi, muhofazasi, ishonchliligi, shuningdek ma’lumotlarni qayta ishlash hamda ulardan foydalanish imkoniyati ta’minlanishi zaruriyati nazarda tutilmoqda.
Shu bilan birga, Markazning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish va investitsiya kiritish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida investorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlari kafolatlari, shu jumladan investitsiyalarni himoya qilish kafolatlari takomillashtirilmoqda.
Majlisda qayd etilganidek, qonun loyihasining qabul qilinishi Markaz ishtirokchilari sonining ko‘payishi hisobiga IT sohasining yalpi ichki mahsulotdagi ulushini oshirishga, raqamli sektorga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmini ko‘paytirishga, IT xizmatlari eksporti hajmining oshishi hamda O‘zbekistonni raqamli texnologiyalar sohasida mintaqaviy yetakchi sifatidagi mavqeini oshirishga xizmat qiladi.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi va Senatga yuborildi.





