O‘zbekiston talabalari Huawei ICT Competition global finalida ishtirok etmoqda
2026-06-04 09:50:00 / Vazirlik yangiliklari

Joriy yilda tanlovning amaliy yo‘nalishida dunyoning 40 dan ortiq mamlakat va hududlaridan saralangan 131 ta jamoa qatnashmoqda. Musobaqa tarmoq texnologiyalari, bulutli yechimlar, hisoblash texnologiyalari hamda sun’iy intellekt yo‘nalishlarini qamrab oladi.
Global final doirasida ishtirokchilar nazariy bilimlar bilan bir qatorda amaliy ko‘nikmalarini ham sinovdan o‘tkazib, murakkab texnologik vazifalarni hal etish bo‘yicha o‘z salohiyatlarini namoyish etadilar.
Tanlov davomida talabalar sun’iy intellekt, bulutli texnologiyalar, telekommunikatsiya tarmoqlari va zamonaviy dasturiy platformalar bo‘yicha xalqaro ekspertlar bilan tajriba almashish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Huawei ICT Competition bugungi kunda dunyodagi eng yirik xalqaro ta’lim tashabbuslaridan biri hisoblanadi. Joriy mavsumda uning amaliy yo‘nalishida 210 mingdan ortiq talaba ishtirok etib, bu ko‘rsatkich tanlov tarixidagi rekord natija bo‘ldi.
Musobaqa yakunlari va g‘oliblar 5-iyun kuni Shenchjen shahrida bo‘lib o‘tadigan taqdirlash marosimida e’lon qilinadi.






