Vazir Sherzod Shermatov “Raqamli kelajak” mavzusidagi xalqaro panel sessiyada ishtirok etdi
2026-06-05 14:15:00 / Vazirlik yangiliklari

Panel sessiyada Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston va Belarus vazirlari, Qirg‘iziston va Quvayt davlat tashkilotlari rahbarlari hamda Xalqaro elektraloqa ittifoqi (ITU) vakillari ishtirok etib, raqamli transformatsiya, sun’iy intellekt va mintaqaviy hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar.
Muloqot davomida globallashuv, geosiyosiy o‘zgarishlar va texnologik taraqqiyot sharoitida Markaziy Yevroosiyo mintaqasining raqamli rivojlanishdagi o‘rni hamda yangi iqtisodiy imkoniyatlar yuzasidan fikr almashildi.
Vazir o‘z nutqida O‘zbekiston AT-biznesni rivojlantirish va xalqaro kompaniyalarni jalb etish uchun qulay muhit yaratish bo‘yicha izchil ish olib borayotganini ta’kidladi. U IT Park rezidentlari uchun joriy etilgan imtiyozlar tufayli AT-kompaniyalar korporativ soliqlardan ozod etilganini qayd etib, xorijiy kompaniyalarni O‘zbekistonda o‘z ofislarini ochishga chaqirdi.
Vazir, shuningdek, mamlakatning asosiy ustunliklaridan biri yoshlar salohiyati ekanini ta’kidlab, xalqaro biznes ehtiyojlariga mos malakali kadrlar tayyorlashga alohida e’tibor qaratilayotganini bildirdi.
2017-yilda IT Parkda xorijiy kapital ishtirokidagi atigi 4 ta kompaniya faoliyat yuritgan bo‘lsa, bugungi kunda har oy 70 tadan ortiq yangi xorijiy kompaniya o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘ymoqda. Bunda asosiy maqsad masofaviy ish o‘rinlari va xalqaro buyurtmalarni O‘zbekistonga jalb qilish, yuqori daromadli ish o‘rinlarini yaratish hamda raqamli xizmatlar eksportini kengaytirishdan iborat ekani ta’kidlandi.
Bundan tashqari, Sherzod Shermatov sun’iy intellekt texnologiyalari aholi daromadlarini oshirish, hayot sifatini yaxshilash va iqtisodiyot samaradorligini yuksaltirishga xizmat qilishi lozimligini qayd etdi. Shuningdek, vazir xorijiy AT-kompaniyalarni O‘zbekistonda o‘z ofislarini ochishga va mamlakatda yaratilgan qulay imkoniyatlardan foydalanishga taklif qildi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda sun’iy intellekt sohasida zamonaviy hisoblash infratuzilmasini yaratish, ma’lumotlar bazasini rivojlantirish, malakali mutaxassislar tayyorlash, ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash hamda startap ekotizimini rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, sun’iy intellekt yechimlarini davlat xizmatlari va iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlariga joriy etish orqali aholi uchun qulayliklarni oshirish, boshqaruv samaradorligini kuchaytirish va raqamli iqtisodiyotning raqobatbardoshligini ta’minlash ustuvor vazifalardan biri ekani ta’kidlandi.
Tadbir O‘zbekistonning sun’iy intellekt va raqamli transformatsiya yo‘nalishidagi tajribasini xalqaro maydonda taqdim etish hamda mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash uchun muhim platforma bo‘ldi.


