O‘zbekistonda AT kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan Zero Risk dasturi yangilandi
2026-06-10 11:05:00 / Vazirlik yangiliklari

Raqamli texnologiyalar vazirligi, IT Park Uzbekistan va Jahon banki hamkorligida AT kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha davlat dasturi – Zero Risk yangilandi. Endilikda "Incentives" deb nomlanadigan dastur eksportga yo‘naltirilgan hamda yangi ish o‘rinlari yaratadigan kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlash choralarini kengaytirishni nazarda tutadi.
Asosiy o‘zgarishlardan biri — dasturda ishtirok etish uchun minimal talabning pasaytirilgani. Avval kompensatsiya olish uchun kamida 20 ta yangi ish o‘rni yaratish talab etilgan bo‘lsa, endi bu ko‘rsatkich 10 taga tushirildi. Shu tariqa dastur kichik va o‘rta AT kompaniyalar uchun yanada qulay va ochiq bo‘ldi.
Yangilangan shartlar infratuzilmaviy qo‘llab-quvvatlashni ham o‘z ichiga oladi. Dastur ishtirokchilariga har bir yangi xodim uchun 7 kvadrat metrgacha ofis maydoni, shuningdek, keyinchalik sotib olish imkoniyati bilan AT uskunalar taqdim etilishi mumkin.
Kompensatsiya miqdori ish haqi fondining 10 foizidan 15 foizigacha etib belgilangan. Ayollar va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun yaratilgan ish o‘rinlariga esa umumiy xodimlar sonidan qat’i nazar, 15 foizlik qat’iy kompensatsiya stavkasi qo‘llanadi.
Bundan tashqari, dastur xodimlarni ishga jalb qilish va ularni o‘qitish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplashni ham nazarda tutadi. Qo‘llab-quvvatlashning umumiy hajmi har bir ish o‘rni uchun 2 ming AQSh dollarigacha yoki kompaniya eksport tushumining 3 foizigacha cheklanadi.
To‘lovlar xodimlarning 12 oy davomida tasdiqlangan bandligidan so‘ng amalga oshiriladi. Dastur ishlab chiquvchilarining ta’kidlashicha, bunday mexanizm rasmiy emas, balki uzoq muddatli ish o‘rinlarini yaratishni rag‘batlantiradi.
Ma’lumot uchun, Zero Risk dasturi amal qilgan davr mobaynida dastur ishtirokchilari tomonidan yaratilgan ish o‘rinlari soni 4 mingdan oshdi. Dasturga qo‘shilgan kompaniyalar 10 milliard so‘mlik uskunalar xarid qilgan bo‘lsa, ularning umumiy eksport hajmi 43 million AQSh dollaridan ortdi.
Yangilangan dastur Jahon banki ko‘magida amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda raqamli inklyuzivlik” loyihasi doirasida hayotga tatbiq etilmoqda hamda mamlakat IT sohasining eksport salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan.
