Jahon banki bilan raqamli transformatsiya sohasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi
2026-06-17 14:20:00 / Vazirlik yangiliklari

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Jahon bankining raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt bo‘yicha vitse-prezidenti Sangbu Kim bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvdan avval delegatsiyaga O‘zbekistonda raqamli transformatsiya yo‘nalishida erishilgan so‘nggi natijalar taqdim etildi. Xususan, IT Park Uzbekistan faoliyati, mamlakatning AKT ekotizimini rivojlantirish, IT xizmatlari eksportini oshirish, startaplarni qo‘llab-quvvatlash hamda xalqaro texnologik kompaniyalarni O‘zbekiston bozoriga jalb etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Shuningdek, delegatsiya Uzinfocom faoliyati bilan tanishtirildi. Davlat xizmatlarini raqamlashtirish, elektron hukumat tizimini rivojlantirish, davlat boshqaruvida raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektdan keng foydalanishga qaratilgan loyihalar haqida ma’lumot taqdim etildi.
Uchrashuv davomida tomonlar O‘zbekistonda raqamli iqtisodiyotni inklyuziv tarzda rivojlantirish, raqamli infratuzilmani kengaytirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish hamda iqtisodiyotning turli tarmoqlarida raqamli transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish masalalarini muhokama qildilar.
Shuningdek, yoshlar, jumladan hududlarda istiqomat qiluvchi yoshlar uchun zamonaviy va yuqori daromadli ish o‘rinlarini yaratish, ularni zamonaviy raqamli hamda xorijiy til ko‘nikmalariga o‘qitish, inson kapitalini rivojlantirish bo‘yicha tashabbuslar yuzasidan fikr almashildi.
Muzokaralarda raqamli hukumat yo‘nalishidagi yutuqlarga alohida e’tibor qaratildi. Tomonlar O‘zbekistonning GovTech Maturity Index reytingidagi muvaffaqiyatlarini yuqori baholab, mamlakatning ushbu indeksda 73 pog‘onaga ko‘tarilib, dunyoda 9-o‘rinni egallaganini qayd etdilar. Shu bilan birga, raqamli va telekommunikatsiya sohalaridagi islohotlarni yanada jadallashtirish, xalqaro reytinglardagi pozitsiyalarni mustahkamlash hamda sohaning iqtisodiyotga ta’sirini kuchaytirish maqsadida hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
Bundan tashqari, mamlakatda ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari infratuzilmasini rivojlantirish, mavjud quvvatlarni kengaytirish va raqamli xizmatlarga bo‘lgan ortib borayotgan talabni qondirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar raqamli ish o‘rinlarini yaratish, raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt, raqamli hukumat hamda raqamli infratuzilmani rivojlantirish yo‘nalishlarida hamkorlikni yanada kengaytirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar.






