Sun’iy intellekt, raqamli boshqaruv va innovatsiyalar, investitsiyalarning yangi istiqbollari muhokama qilindi
2026-06-18 18:50:00 / Vazirlik yangiliklari

Tadbir davlat boshqaruvi, raqamli transformatsiya, sun’iy intellekt va innovatsiyalar sohasidagi yetakchi ekspertlar, xalqaro tashkilotlar va xususiy sektor vakillarini bir maydonga jamladi. Sessiya davomida raqamli texnologiyalarning iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish, investitsiya muhitini yaxshilash hamda davlat boshqaruvi samaradorligini oshirishdagi o‘rni yuzasidan fikr almashildi.
Muhokamalar markazida sun’iy intellekt texnologiyalarining davlat xizmatlarini takomillashtirish, raqamli boshqaruvni rivojlantirish va fuqarolar uchun qulay hamda tezkor xizmatlarni shakllantirishdagi ahamiyati turdi. Shuningdek, innovatsion yechimlarni amaliyotga joriy etish orqali davlat va xususiy sektor o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, yangi investitsiyalarni jalb qilish va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Panel ishtirokchilari raqamli ekotizimlarni shakllantirish, startaplar va innovatsion tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash, yuqori texnologiyali loyihalar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha xalqaro tajriba va yondashuvlar bilan o‘rtoqlashdilar. Shu bilan birga, inson kapitali, raqamli ko‘nikmalarni rivojlantirish va zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalanish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir yakunlarida sun’iy intellekt va raqamli boshqaruv zamonaviy iqtisodiyotning muhim drayverlaridan biri ekani, ulardan samarali foydalanish mamlakatlarning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash hamda global raqobatbardoshlikni mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.






