O‘zbek milliy musiqa merosini asrash va ommalashtirish maqsadida OHANG platformasini ishga tushirish taqdimoti bo‘lib o‘tdi
2026-06-26 09:50:00 / Vazirlik yangiliklari

Uztelecom tomonidan WeDigital agentligi bilan hamkorlikda O‘zbekistonning an’anaviy musiqa san’atini asrash, o‘rganish va ommalashtirishga qaratilgan OHANG raqamli platformasi taqdim etildi. OHANG platformasining ishga tushirilishi Uztelecom’ning yangi brend-platformasi – “Barcha uchun texnologiyalar” konsepsiyasini aks ettiruvchi ilk loyihalardan biri bo‘ldi
Platformaning ochilish marosimida Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov ishtirok etdi. Vazir o‘z so‘zida mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan joriy yil 1-iyun kuni madaniyat va san’at sohasi vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda berilgan topshiriqlar ijrosi doirasida amalga oshirilganini ta’kidladi.
Loyiha zamonaviy texnologiyalar yordamida milliy madaniy merosni saqlash, keng jamoatchilikka yetkazish hamda yosh avlod o‘rtasida an’anaviy musiqa san’atiga qiziqishni oshirishga qaratilgan.
Tadbir davomida kompaniya vakillari Uztelecom brendining transformatsiyasi, yangi qadriyatlari hamda texnologiyalarning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni haqida so‘z yuritdilar. Xususan, kompaniyaning “Daxldorlik” qadriyatiga alohida e’tibor qaratildi. Ushbu qadriyat milliy merosni asrash va madaniy qadriyatlarni kelajak avlodlarga yetkazish jarayonida faol ishtirok etish tamoyilini ifodalaydi.
OHANG loyihasi O‘zbekiston musiqa merosining yagona raqamli makoni sifatida yaratildi. Platformada musiqiy asarlar, milliy cholg‘u asboblarining sadolari, arxiv materiallari, tadqiqot ma’lumotlari va ta’limiy kontent jamlangan. Zamonaviy texnologiyalar yordamida foydalanuvchilar mamlakatimizning boy musiqa madaniyati bilan qulay va zamonaviy formatda tanishishlari, shuningdek, ayrim materiallardan o‘z media kontentlarini yaratishda foydalanishlari mumkin.
Loyihani tayyorlash jarayonida musiqashunoslar, san’atshunoslar, madaniyatshunoslar va boshqa soha mutaxassislari ishtirokida keng ko‘lamli tadqiqot ishlari olib borildi. Natijada O‘zbekistonning an’anaviy musiqa merosiga oid noyob materiallar to‘planib, tizimlashtirildi va raqamlashtirildi.
Tadbir davomida platformaning asosiy imkoniyatlari namoyish etildi. Qayd etilganidek, OHANG nafaqat raqamli arxiv, balki milliy musiqa merosini yoshlar, tadqiqotchilar va keng jamoatchilik orasida ommalashtirishga xizmat qiluvchi ta’limiy platforma sifatida ham faoliyat yuritadi.









