O‘zbekistonning sun’iy intellektni davlat boshqaruvida qo‘llash bo‘yicha tajribasi xalqaro maydonda taqdim qilindi
2026-06-29 19:10:00 / Vazirlik yangiliklari

Gruziyaning Tbilisi shahrida bo‘lib o‘tgan BMT Davlat xizmati forumi (UNPSF 2026) doirasida tashkil etilgan “Davlat boshqaruvida sunʼiy intellekt: samaradorlik va jamiyat manfaatlari muvozanati” mavzusidagi xalqaro seminar davomida Raqamli texnologiyalar vazirligi delegatsiyasi tomonidan O‘zbekistonning sun’iy intellekt siyosati va boshqaruvi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar hamda ilg‘or tajribalari taqdim etildi.
Taqdimotda mamlakatimizda inson manfaatlariga yo‘naltirilgan sun’iy intellekt ekotizimini shakllantirish, ushbu sohani samarali boshqarish va tartibga solish, raqamli infratuzilmani rivojlantirish, zamonaviy kadrlar tayyorlash hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Shuningdek, sun’iy intellekt texnologiyalarini davlat xizmatlari va boshqaruv jarayonlariga joriy etish, ma’lumotlarga asoslangan qarorlar qabul qilish tizimlarini rivojlantirish, davlat organlari faoliyatining samaradorligi va shaffofligini oshirishga qaratilgan tashabbuslar taqdim etildi.
Forum doirasida xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlar, ekspertlar hamda davlat boshqaruvi sohasi vakillari bilan sun’iy intellektni davlat boshqaruvida mas’uliyatli va samarali qo‘llash, tartibga solish mexanizmlarini takomillashtirish, kadrlar salohiyatini oshirish va innovatsion yechimlarni joriy etish masalalari yuzasidan fikr hamda tajriba almashildi.






