“President Tech Award” sovrin va investitsiya jamg‘armasi 1 million dollardan 5 million dollarga oshirildi
2026-07-01 19:10:00 / Vazirlik yangiliklari

O‘zbekiston Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 24-fevral kuni Koʻksaroy qarorgohida boʻlib oʻtgan yoshlar bilan muloqot doirasida “Raqamli texnologiyalar yoʻnalishida eng yaxshi startap” – “President Tech Award” loyihasi gʻoliblarining taqdimoti bilan tanishib, startap loyihalarni qoʻllab-quvvatlashga mablagʻlar yanada koʻpaytirilishini aytib, yoshlar oʻzlarining yangicha qarashlari va gʻoyalari bilan yana qaysi soha va yoʻnalishlarda izlanishi kerakligi yuzasidan tavsiyalarini bergan edi.
Yangi mavsumda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan “President Tech Award” sovrin va investitsiya jamg‘armasi 1 million dollardan 5 million dollarga oshirildi. Shundan 1 million dollar inkubatsiya bosqichidagi istiqbolli loyihalarni grant asosida qo‘llab-quvvatlashga, 4 million dollar esa eng salohiyatli startaplarga venchur investitsiyalar shaklida yo‘naltiriladi.
Shu maqsadda bugun, 1-iyul kuni “Powering the Startup Ecosystem” tadbiri doirasida “President Tech Award” tanlovining yangi mavsumi hamda sun’iy intellekt yo‘nalishidagi ilk milliy tanlov – “President AI Award”ning rasmiy taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov, xalqaro ekspertlar, mentorlar, investorlar hamda startap ekotizimi vakillari ishtirok etdi.
Taqdimot davomida mamlakatda AT tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, innovatsion loyihalarni rivojlantirish, sun’iy intellekt yo‘nalishidagi startaplarni rag‘batlantirish hamda yoshlarning global bozorda raqobatbardosh mahsulotlar yaratishi uchun yaratilayotgan yangi imkoniyatlar haqida ma’lumot berildi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda startap ekotizimini rivojlantirish borasida muhim natijalarga erishildi. StartupBlink xalqaro reytingiga ko‘ra, O‘zbekiston 227,3 foizlik o‘sish bilan dunyodagi eng tez rivojlanayotgan startap ekotizimi sifatida “Yil davlati” e’tirofiga sazovor bo‘ldi. So‘nggi ikki yil ichida mamlakat reytingda 32 pog‘onaga yuqoriladi, Toshkent shahri esa ilk bor Markaziy Osiyoning yetakchi startap markazi sifatida qayd etildi.
Vazir Sherzod Shermatov o‘z nutqida Prezident tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan “President Tech Award” qisqa vaqt ichida minglab yoshlarning innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash va ularni xalqaro bozorga olib chiqishda muhim platformaga aylanganini ta’kidladi.
Qayd etilganidek, tanlov tashkil etilganidan buyon 13 mingdan ortiq ishtirokchi va 1800 dan ortiq jamoa unda ishtirok etdi. G‘olib startaplar 10 million AQSH dollaridan ortiq investitsiyalarni jalb qilib, 400 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratishga muvaffaq bo‘ldi.
Yangi mavsumda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan “President Tech Award” sovrin va investitsiya jamg‘armasi 1 million dollardan 5 million dollarga oshirildi. Shundan 1 million dollar inkubatsiya bosqichidagi istiqbolli loyihalarni grant asosida qo‘llab-quvvatlashga, 4 million dollar esa eng salohiyatli startaplarga venchur investitsiyalar shaklida yo‘naltiriladi.
Shuningdek, ilk bor sun’iy intellekt texnologiyalariga bag‘ishlangan “President AI Award” tanlovi ham yo‘lga qo‘yildi. Umumiy 1 million dollar miqdoridagi investitsiya jamg‘armasiga ega mazkur tanlov davlat boshqaruvi, sanoat va tadbirkorlik, sog‘liqni saqlash, ta’lim hamda yashil iqtisodiyot va agrotexnologiyalar yo‘nalishlarida sun’iy intellekt asosidagi innovatsion yechimlarni ishlab chiqayotgan startaplarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
Tanlov doirasida saralangan startaplar xalqaro ekspertlar va mentorlar bilan ishlash, akseleratsiya dasturlarida ishtirok etish, investorlar oldida o‘z loyihalarini taqdim etish hamda xalqaro bozorlarga chiqish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
“President AI Award” doirasida beshta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha jami 25 ta startap akseleratsiya dasturiga qabul qilinadi. Ishtirokchilar o‘z loyihalarini xalqaro ekspertlar va mentorlar ko‘magida takomillashtirish, investorlar va hamkorlarga taqdim etish hamda sun’iy intellekt sohasidagi innovatsion ishlanmalarini rivojlantirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Tanlovning umumiy investitsiya jamg‘armasi 1 million dollarni tashkil etadi. Mablag‘lar beshta yo‘nalish bo‘yicha 15 nafar g‘olib o‘rtasida taqsimlanadi. Har bir yo‘nalish bo‘yicha birinchi o‘rin uchun 100 ming dollar, ikkinchi o‘rin uchun 60 ming dollar va uchinchi o‘rin uchun 40 ming dollar miqdorida investitsiya ajratiladi. Mablag‘lar tasdiqlangan KPI ko‘rsatkichlariga erishilgandan so‘ng ikki bosqichda taqdim etiladi.
Tadbir yakunida O‘zbekistonda innovatsion tadbirkorlik va sun’iy intellekt ekotizimini izchil rivojlantirish, startaplarni qo‘llab-quvvatlash hamda global miqyosda raqobatbardosh AT kompaniyalarni shakllantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar izchil davom ettirilishi ta’kidlandi.
“President Tech Award” va “President AI Award” tanlovlarida ishtirok etish uchun arizalar awards.gov.uz portali orqali qabul qilinadi.









