Raqamlashtirish vazirligi jamoasi “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan aloqachi faxriylarni tabriklaydi
2026-07-02 19:00:00 / Vazirlik yangiliklari

“Nuroniy” jamg‘armasi Vasiylik kengashining qarori bilan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida uzoq yillardan beri faoliyat yuritib kelayotgan “Aloqa va axborotlashtirish sohasi tarixi va merosi jamoat fondi” direktori Ravshan Askarov hamda “UNICON.UZ” – Fan-texnika va marketing tadqiqotlari markazi” MCHJ Elektromagnit moslashuvi tahlili xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Almira Gataulina “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Mukofot 2026-yil 1-iyul kuni Kasaba uyushmalari saroyida bo‘lib o‘tgan tantanali marosimda topshirildi.
Ravshan Askarov faoliyati davomida aloqa tizimini takomillashtirish, texnik infratuzilmani mustahkamlash, barqaror va samarali ish jarayonini ta’minlashda beqiyos xizmat ko‘rsatib, o‘zining boy tajribasi va bilimlari bilan yosh kadrlarga namuna bo‘lgan. Shuningdek, aloqa tizimidagi uzluksiz xizmatlari, tashabbuskorligi va mehnatsevarligi bilan nafaqat o‘z vazifalarini yuksak darajada bajarib keldi, balki yosh mutaxassislar uchun haqiqiy ustoz maktabi vazifasini o‘tab, bir necha avlod kadrlarining shakllanishiga munosib hissa qo‘shdi.
Uning tashabbusi bilan soha tarixi va rivojlanish bosqichlarini aks ettiruvchi muzey tashkil etildi. Bugungi kunda mazkur muzey uning bevosita rahbarligi va kuratorligi ostida faoliyat yuritib, soha merosini asrab-avaylash, kasbga hurmat va sadoqat ruhini yosh avlodga singdirishga xizmat qilmoqda.
Almira Gataulina radiochastota spektridan foydalanishni boshqarish samaradorligini oshirish masalalari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish maqsadida dissertatsiya ishini boshlagan. U “Radioelektron vositalarning elektromagnit moslashuvi” mavzusidagi o‘quv qo‘llanma muallifi bo‘lib, ilmiy maqolalar va dasturiy ta’minot uchun mualliflik guvohnomasiga ega. Mehnat faoliyati davomida u telekommunikatsiya va radiochastota spektrini boshqarish sohasida milliy va xalqaro miqyosda katta tajriba orttirgan. Faolyati davomida 10 dan ortiq ilmiy-tadqiqot ishilarini ishlab chiqishda ishtirok etgan.
Raqamli texnologiyalar vazirligi jamoasi R.Askarov hamda A.Gataulinalarni ushbu mukofot bilan samimiy tabriklaydi.

